Oʻrta asrdan XXI asrgacha yetib kelgan tibbiy gʻoya: Roziy merosi Markazda

 

🔴Zamonaviy psixoterapiyani oldindan bashorat qilgan alloma haqida 


Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazining “Birinchi Renessans” boʻlimida IX asrda yashagan buyuk tabib va mutafakkir Abu Bakr Muhammad ibn Zakariyo ar-Roziy (865–925) hayoti va ilmiy merosiga bagʻishlangan maxsus ekspozitsiya tashkil etilgan. Bu ekspozitsiyada allomaning inson salomatligini asrash, tabiatdagi shifobaxsh vositalardan foydalanish va sogʻlom hayot qoidalari haqidagi ilmiy qarashlarini aks ettiruvchi nodir manbalar namoyish etilmoqda. 




Allomaning “Burʼ us-soʼa” (“Tez davolanadigan dardlar”) asarida inson organizmining oʻzini tiklash qobiliyati, tabiatning shifobaxsh kuchi va sogʻlom turmush tarzi haqida amaliy tavsiyalar berilgan. Ar-Roziy inson sogʻligʻini asrashda tabiiy muhit bilan uygʻun hayotni muhim deb bilib, shifo jarayonida insonning ichki kuchlari va tabiatning taʼsiri oʻrtasidagi muvozanatni asosiy omil sifatida koʻrsatgan. Bu “tabiiy shifo” gʻoyasi bugungi kun tibbiyotidagi integrativ yondashuvlar — psixosomatika va xolistik sogʻlomlashtirish tizimlari bilan uygʻunlashadi. Asarning qadimiy qoʻlyozma nusxalari AQSh, Buyuk Britaniya, Misr, Eron, Turkiya Milliy tibbiy kutubxonalarida saqlanmoqda. Shuningdek, yurtimizda, yaʼni Abu Rayhon Beruniy nomidagi Sharqshunoslik instituti fondida ham nusxasi mavjud. Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazidagi ekspozitsiya ushbu asarning ilmiy va falsafiy ahamiyatini keng jamoatchilikka yetkazish, hamda oʻrta asr tib ilmidagi amaliy yutuqlarni zamonaviy tarzda namoyish etish maqsadida yaratilgan. Oʻzbekiston FA Sharqshunoslik instituti ilmiy xodimi, tarix fanlari boʻyicha falsafa doktori Faxriddin Ibragimov Abu Bakr ar-Roziy asarlari islom tib ilmining poydevori hisoblanishini qayd etdi.

 

 ”Uning ilmiy gʻoyalaridan keyinchalik Ibn Sino foydalangan. Shuningdek, Beruniy ham Roziy merosini yuksak baholagan. Markazda namoyish etilayotgan risola nafaqat tibbiy manba, balki insonparvarlik va maʼrifat gʻoyalarini mujassam etgan yodgorlikdir”, deydi F.Karimov.

 

Goʻzal Beknazarova

P/S:Maqolani markaz rasmiy saytiga havola bilan koʻchirib eʼlon qilish mumkin