Temuriyzoda malika — Qurʼon xattoti

 

XV asr — Markaziy Osiyo madaniy hayotida ilm, sanʼat va qadriyatlar uygʻunligi yangi bosqichga koʻtarilgan davr edi. Shu davrda yaratilgan har bir qoʻlyozma, har bir bezakli sahifa oʻz zamonasining ilmiy, estetik va maʼnaviy salohiyatini ifoda etadi.

 

Shunday yuksak namunadan biri — 1467 yilda (hijriy 871 yil) Temuriylar sulolasi vakilasi, Muhammad Sulton Mirzoning qizi Shodmalik xotun tomonidan koʻchirilgan Qurʼon sahifasidir.



 

Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi olimlarining maʼlumotlariga koʻra, ushbu nodir artefakt 2025 yil holatiga koʻra 558 yillik tarixga ega.

 

Qurʼon sahifasi arab tilida nasx xatida yozilgan boʻlib, oltin suvi va yengil siyoq bilan bezatilgan. Matn muljay, yaʼni teridan tayyorlangan yuqori sifatli qogʻozga bitilgan. 20×30 santimetr oʻlchamdagi sahifada geometrik naqshlar, suralar boshida oʻsimliksimon ornamentlar va oltin bezaklar mavjud.

 

“Bunday nafis ishlovlar odatda faqat saroy buyurtmasi bilan tayyorlangan nusxalarda qoʻllanilgan. Shodmalik xotunning asari Temuriylar davridagi eng oliy darajadagi xattotlik maktabi mahsulidir”, deydi tarix fanlari doktori, professor Shodmon Vohidov.

 

Asarning asl nusxasi bugungi kunda Turkiyaning Istanbul shahridagi Toʻpqopi saroyi kutubxonasida saqlanmoqda.

 

Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazida esa uning yuqori aniqlikdagi nusxasi namoyish etilmoqda. Bu eksponat “Ikkinchi Renessans davri” boʻlimida joylashgan boʻlib, Temuriylar davridagi ayol xattotlar faoliyatini yorituvchi eng muhim manbalardan biri hisoblanadi.

 

Temuriylar sulolasi davrida ilm-fan, adabiyot va tasviriy sanʼat beqiyos darajada rivojlandi. Hirot va Samarqand xattotlik maktablari butun musulmon Sharqida mashhur boʻldi.

 

Shodmalik xotun esa ana shu yuksak muhitda yetishib chiqqan ayol xattotlardan biri boʻlib, u nafaqat yozuv ustasi, balki Qurʼon nusxalarini badiiy bezatish va ornamentlash sanʼatini mukammal oʻzlashtirgan ustoz sifatida ham tarixda qolgan.

 

Uning asaridagi sahifa markazi — maʼnaviy markaz, atrofidagi ornamentlar esa ilohiy goʻzallik ramzi sifatida ishlangan.

 

Asarda ayol muallif nomi qayd etilgani oʻsha davrda ayollar ilm ahli sifatida tan olinganini koʻrsatadi.

 

Shodmalik xotunning 1467 yilda koʻchirgan Qurʼon sahifasi — bu shunchaki diniy matn emas. Bu — Temuriylar davri maʼnaviyati, estetikasi va ayol ijodiy salohiyatini yorituvchi jonli tarixiy guvohdir.

 

Bugun u Islom sivilizatsiyasi markazida ilm, eʼtiqod va sanʼat uygʻunligining abadiy ramzi sifatida qadrlanmoqda.

 

Laylo Abdukaxxarova

P/S:Maqolani markaz rasmiy saytiga havola bilan koʻchirib eʼlon qilish mumkin