Turkiy xalqlar madaniyati va merosi jamgʻarmasi prezidenti Islom sivilizatsiyasi markazida
Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markaziga Turkiy xalqlar madaniyati va merosi jamgʻarmasi prezidenti Aktoti Rayimqulova tashrif buyurdi. Mazkur tashrif ikki qardosh davlat oʻrtasidagi ilmiy va madaniy hamkorlikka yangi surʼat bagʻishladi. Mehmon markazning ilmiy-tadqiqot yoʻnalishlari, zamonaviy ekspozitsiyalar va raqamlashtirish laboratoriyasi bilan tanishib, uni turkiy dunyo uchun muhim maʼnaviy markaz sifatida eʼtirof etdi.

Aktoti Rayimqulova ekspozitsiyalar bilan tanishar ekan, islomgacha boʻlgan davrga oid tarixiy materiallar, islom sivilizatsiyasining ilm-fan va madaniyatdagi ulkan yutuqlari, turkiy xalqlarning jahon tamadduniga qoʻshgan hissasini aks ettirgan eksponatlarga katta qiziqish bilan nazar tashladi.
Mehmon qoʻlyozmalar, arxeologik topilmalar, nodir artefaktlar hamda interaktiv installyatsiyalar bilan tanishar ekan, oʻtmish va kelajak oʻrtasidagi maʼnaviy bogʻliqlik chuqur ifoda etilganini taʼkidladi.
Shuningdek, mehmon markazda yaratilgan ilmiy muhit, yosh olimlar uchun yaratilayotgan imkoniyatlar, raqamlashtirish va qoʻlyozmalarni tiklash laboratoriyasi faoliyati bilan ham qiziqdi.
Aktoti Rayimqulova, shuningdek, markazning ikkinchi qavatida xalqaro hamkor tashkilotlar uchun ajratilgan ofisni koʻzdan kechirdi. U yerda “Turk madaniyati va merosi jamgʻarmasi” uchun moʻljallangan xonalar bilan tanishib, kelgusida amalga oshiriladigan qoʻshma loyihalar, ilmiy va madaniy dasturlar yuzasidan fikr almashdi.

— Menimcha, bu maskanni oddiy muzey yoki markaz deb atash qiyin. Bu — jahon miqyosidagi madaniy-maʼnaviy tamaddun oʻchogʻidir. Avvalo, Oʻzbekiston xalqini va butun turkiy dunyo hamjamiyatini shunday tarixiy ahamiyatga ega markaz ochilayotgani bilan chin qalbdan tabriklayman. Ishonamanki, u insoniyat tarixi, qadimiy tamaddunlar va islom ilmi hamda madaniyatini oʻrganishda muhim ilmiy platformaga aylanadi, — dedi Aktoti Rayimqulova.
Tashrif yakunida Aktoti Rayimqulova Markaz bilan ilmiy va madaniy hamkorlikni yanada mustahkamlashga tayyorligini bildirdi.
Ko‘p o‘qilgan
Dunyoning 20 dan ortiq mamlakatidan 100 dan ortiq mutaxassis Toshkentda!
Serbiya Prezidenti Aleksandr Vuchich Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markaziga tashrif buyurdi
Islom sivilizatsiyasi markazi – maʼrifat sari eltuvchi global platforma