Bir asr davomida yaratilgan 45 tomlik ilm toʻplami – Oʻzbekistonda!

🔴 320 ming asar haqidagi maʼlumot bitta jamlanmada

 

Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi kutubxonasi fondi yana bir noyob ilmiy toʻplam bilan boyidi. Eron Islom Respublikasi Milliy kutubxonasi va arxivi tomonidan yaratilgan 45 tomlik “Eron qoʻlyozmalar katalogi” — FANKHA (Union Catalogue of Iran Manuscripts) toʻplami Markaz fondiga taqdim etildi.



 

Yuz yillik ilmiy izlanishlar mahsuli

 

Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi kutubxonasiga taqdim etilgan mazkur katalog Eronda 1926–2011 yillar oraligʻida yaratilgan va mamlakatdagi barcha davlat, diniy hamda shaxsiy kutubxonalarda saqlanayotgan qoʻlyozmalarni yagona manbaga jamlagan ulkan loyihadir.

 

Katalogda 320 mingdan ortiq qoʻlyozma haqida maʼlumot keltirilgan boʻlib, ular 500 dan ziyod manbalar asosida tuzilgan. Har bir asar haqida bibliografik maʼlumotlar (muallif, til, mavzusi, hajmi) va kodikologik izohlar (muhrlar, yozuvlar, saqlanish holati) alohida qayd etilgan.

 

Bu loyiha “Al-Javod madaniy instituti” jamoasi tomonidan professor Mustafo Derayati tahririda amalga oshirilgan. Qoʻlyozmalar katalogi Oʻzbekiston zaminida tugʻilib oʻsgan buyuk mutafakkirlarning Eronda saqlanayotgan asarlarini ham oʻz ichiga oladi. Ular orasida:

 

➖ Abu Rayhon Beruniy — “Al-Osor al-boqiya an al-qurun al-xoliya”;

 

➖ Abu Ali ibn Sino — “Al-Qonun fi-t-tib”, “An-Nadjo”;

 

➖ Mahmud Zamaxshariy — “Al-Kashshof”, “Muqaddimat al-Adab”;

 

➖ Muhammad Xorazmiy — “Al-Jabr val-muqobala”;

 

➖ Ahmad Fargʻoniy — “Ilm al-Hayʼa”.

 

Bu asarlar Tehron universiteti, Qum, Mashhad va Isfahon shaharlaridagi nufuzli kutubxona va madrasalarda saqlanmoqda.

 

Ilmiy hamkorlikning yangi bosqichi

 

Islom sivilizatsiyasi markazi va Eronning ilmiy muassasalari oʻrtasidagi hamkorlik izchil rivojlanmoqda. Qoʻlyozmalarni raqamlashtirish, maʼlumotlar almashish va nashr ishlarida yangi kelishuvlar amalga oshirilmoqda.

 

Markaz ilmiy kotibi Rustam Jabborovning taʼkidlashicha, Eronda yurtimizdan yetishib chiqqan allomalar asarlari juda koʻp. 

 

“Masalan, Alisher Navoiyning bir qancha qoʻlyozmalari ham shular jumlasidandir. Eronlik hamkasblarimiz bilan hamkorlik ilmiy tadqiqotlarimizni yangi bosqichga olib chiqadi. ‘Eron qoʻlyozmalar katalogi’ esa manbashunoslik va tarixiy ilmiy tadqiqotlar uchun noyob yoʻllanmadir”, deydi R.Jabborov.



 

Yuz yil davomida yaratilgan bu ulkan toʻplam nafaqat Eron, balki butun islom dunyosi qoʻlyozma merosini birlashtirgan muhim ilmiy xazinadir. Uning Islom sivilizatsiyasi markazi fondida saqlanishi — Oʻzbekiston va Eron oʻrtasidagi madaniy muloqot va ilmiy hamkorlikni yangi bosqichga koʻtaradi.

 

 

Goʻzal Beknazarova

P/S:Maqolani markaz rasmiy saytiga havola bilan koʻchirib eʼlon qilish mumkin