Millatni uygʻotgan matbuot

 

 🔴 Tarixiy gʻurur manbai Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazida!



 

XX asr boshlarida Turkistonda yuz bergan milliy uygʻonish harakati — jadidchilikning eng kuchli qurollaridan biri matbuot edi. Gazeta va jurnallar orqali xalqni maʼrifat, taraqqiyot va ozodlikka chorlagan jadidlar turkiy dunyo tarixida yangi sahifa ochdilar.

 

1906 yil 27 iyunda Turkiston matbuotining ilk namunasi — «Taraqqiy» gazetasi chop etildi. Ismoil Obidiy muharrirligidagi bu gazeta “Najot maslakda sabot, toʻgʻrilikda ijobat” shiori ostida millatni taraqqiyot sari yetaklashni maqsad qildi. Unda chop etilgan maqolalar jaholatga qarshi kurash, ilm va hunarni rivojlantirish, milliy oʻzlikni anglash gʻoyalarini ilgari surdi.

 

Abdulla Avloniy bu haqda shunday yozgan edi:

 

“Bu gazeta elning sevib oʻqiy turgʻan bir gazetasi boʻla oldi. U hukumat maʼmuriyatiga qarshi oʻt ochgan eng jasur minbar edi.”

 

Ammo “Taraqqiy”ning 20-sonidan keyin u “mahalliy aholini revolyutsion harakatga daʼvat etgan” degan ayblov bilan yopildi.

 

Shundan keyin Munavvar qori Abdurashidxonov muharrirligida “Xurshid”, Saidkarim Saidazimboyev tahririda “Tujjor”, Abdulla Avloniy rahbarligida “Shuhrat”, Ahmadjon Bektemirov muharrirligida “Osiyo” gazetalari paydo boʻldi. Ular ham millatni maʼrifat va isloh sari chorladi, ammo hukumat senzurasi ularning umrini qisqartirdi.

 

1913 yilda esa Mahmudxoʻja Behbudiy muharrirligida “Samarqand” gazetasi dunyo yuzini koʻrdi. U oʻzbek, fors va rus tillarida chop etilib, xalqni ilm, madaniyat va taraqqiyotga yetaklashni maqsad qildi. Keyinchalik u moddiy sabablar bilan yopilib, oʻrniga “Oyina” jurnali chiqarila boshlandi.

 

1914 yilda esa Ubaydullaxoʻja Asadullaxoʻjayevning “Sadoi Turkiston” gazetasi xalqni jaholatga qarshi maʼrifat bilan qurollanishga chaqirdi. Unda Choʻlpon, Avloniy, Hamza, Tavallo, Hoji Muin kabi ziyolilar faol qatnashdilar.




 

Shu yillarda “Sadoi Fargʻona”, “Buxoroi sharif”, “Turon” gazetalari hamda “Oyina”, “Al-Isloh” jurnallari millatni yangicha fikrlash, islohot va ilmga chaqirdi.

 

Turkiston mustamlakachilik siyosatidan ezilgan bir davrda jadid matbuoti haqiqatni aytdi, millatni uygʻotdi, ozod fikr urugʻini sochdi. Shuning uchun ham ularning koʻpchiligi yopildi, muharrirlari taʼqibga uchradi.

 

Abdurauf Muzaffarzoda bu holni shunday ifodalagan:

 

“Taraqqiydan soʻng yopilgan jaridalar yigʻilsa, juda katta jarida mozori hosil boʻlur edi.”

 

Biroq jadid matbuoti soʻnmadi — u millat tafakkurini uygʻotdi, zamonaviy oʻzbek jurnalistikasining poydevoriga aylandi.


 

Bugun Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazida jadid matbuoti tarixiga bagʻishlangan maxsus ekspozitsiya va videofilm tayyorlanmoqda. Unda “Taraqqiy”dan “Sadoi Turkiston”gacha boʻlgan gazetalarning asl nusxalari, maketlari va ular orqali ilgari surilgan gʻoyalar namoyish etiladi.

 

“Ekspozitsiyada Mahmudxoʻja Behbudiy, Munavvar qori Abdurashidxonov, Abdurauf Fitrat kabi jadidlarning faoliyatiga oid gazeta va jurnallar namoyish etiladi. Hozirda ushbu gazeta va jurnallarning asl nusxalari Alisher Navoiy nomidagi Oʻzbekiston Milliy kutubxonasi fondida hamda Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Sharqshunoslik institutida saqlanmoqda. Ekspozitsiyada bu nashrlarning faksimil nashrlari taqdim etiladi. Shuningdek, ularning mazmuni va tarixiy ahamiyati maxsus videoroliklar va media kontent orqali ham yoritiladi”, – deydi Markaz ilmiy xodimi Sharofat Yusupova.

 

Shahnoza Rahmonova

P/S:Maqolani markaz rasmiy saytiga havola bilan koʻchirib eʼlon qilish mumkin