Yer shari haqidagi ilmiy manzaraning ilk qadamlari
🔴 Bu xaritalarsiz hozirgi geografiya boʻlmagan boʻlardi!
🔴 Maʼmun, Koshgʻariy va Idrisiyning geografiyaga oid yirik kashfiyotlari bilan Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazida tanishish mumkin.

Jahon sivilizatsiyasi tarixida ilm-fan taraqqiyotini yangi pogʻonaga olib chiqqan muhim bosqichlardan biri — islom renessansi davri hisoblanadi. Aynan shu davrda geografiya, astronomiya, geodeziya va matematik ilmlar yuksak darajada rivojlanib, dunyo haqidagi tasavvurlar ilmiy asosda takomillashdi. Musulmon ulamolar tomonidan yaratilgan ilmiy xaritalar esa jahon kartografiyasi taraqqiyotida mutlaqo yangi sahifa ochdi va bugungi global geografik bilimlar tizimining poydevoriga aylandi. Shu kabi ulkan ilmiy merosning eng yorqin namunalari — Maʼmun dunyo xaritasi, Mahmud Koshgʻariyning turkiy qabilalar joylashuv xaritasi va Idrisiyning gʻarbiy hududlar aks ettirilgan dunyo xaritasi hisoblanadi. Aynan mazkur xaritalar Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazining Birinchi Renessans davri ekspozitsiyasidan oʻrin olgan.
Maʼmun dunyo xaritasi (IX asr)
Abbosiylarning buyuk xalifasi Maʼmun farmoyishi bilan Bagʻdodda tashkil etilgan “Baytul hikma” — Donishmandlik uyi musulmon olamining ilmiy markazi sifatida yuksak obroʻ qozongan edi. Ana shu ilmiy muhitda, Muhammad ibn Muso Xorazmiy boshchiligida 70 dan ortiq olim ishtirokida insoniyat tarixidagi ilk ilmiy geografik xaritalardan biri — Maʼmun dunyo xaritasi yaratildi.
– Xarita keng geodezik va astronomik tadqiqotlar asosida chizilgan boʻlib, Yer meridianining bir darajasi qayta oʻlchangan, shahar va mintaqalarning aniq koordinatalari oʻrganilgan. Unda Hind okeani ochiq dengiz sifatida aks etgan, jahon orolsimon shaklda tasvirlangan va xarita oʻsha davr anʼanasiga koʻra janubga qaratib chizilgan. Xorazmiyning “Surat-al arz” asari ushbu xaritaning ilmiy asosini tashkil etib, jahon kartografiyasiga koordinatalar tizimi, iqlimiy taqsimot va geodeziyadagi aniq oʻlchovlar tushunchasini mustahkam kiritgan, – deydi tarix fanlari boʻyicha falsafa doktori Faxriddin Ibragimov.
Mahmud Koshgʻariyning turkiy qabilalar xaritasi
XI asrda yaratilgan Mahmud Qoshgʻariyning “Devon lugʻat at-turk” asari nafaqat tilshunoslik ensiklopediyasi, balki turkiy xalqlarning etnik, madaniy va geografik manzarasini aks ettirgan benazir manba sifatida tarixda qolgan. U oʻz asarida turkiy qabilalarning oʻsha davrdagi dunyoning turli hududlarida joylashuvini xarita orqali koʻrsatib, turkiy dunyo siyosiy hamda madaniy geografiyasini toʻliq ifodalagan. Xaritada bir nechta qabila koʻrsatilgan: oʻgʻuzlar, Oltoy togʻlari va gʻarbiy hududlar orasida yashagan va keyinchalik Saljuqiylar imperiyasini barpo etganlar. Qipchoqlar, Qozogʻiston dashtlaridan Kaspiy dengizigacha choʻzilgan hududlarda hukmronlik qilgan va chavandozlik sanʼati bilan mashhur boʻlganlar. Xazarlar Kaspiy atrofida yashagan, yarim koʻchmanchi va qudratli xalq boʻlgan. Uygʻurlar Oltoydan to Moʻgʻuliston va Xitoygacha tarqalgan. Qarluqlar oʻgʻuz va uygʻurlar orasida joylashgan, Gʻaznaviylar imperiyasining ilk rivojida muhim rol oʻynagan.
Muhammad al-Idrisiy dunyo xaritasi
XII asrda Sitsiliya qiroli Rojer II saroyida yashab ijod qilgan al-Idrisiy olam kartografiyasining eng buyuk namunalaridan birini yaratdi. U 1154 yilda yupqa kumush lavhada oʻyib ishlangan dunyo xaritasi va unga hamroh “Rojer kitobi”ni tayyorladi. Bu xarita Yevropa, Afrika va Osiyoni qamrab olgan holda, ilk global geografik tasnif usulini joriy etdi. Al-Idrisiy dunyoni 70 ta mintaqaga boʻlib, taxminan 2500 joy nomini xaritaga kiritgan, asar matnida esa 6000 dan ortiq geografik nuqtalar haqida maʼlumot bergan. Uning panjarali koordinata tizimi, qitʼalar va dengizlarni aniq belgilashi keyingi asrlarda Yevropada geografiya va dengizchilik ilmining yuksalishiga ulkan taʼsir koʻrsatdi. Kolumb va Vasko da Gama kabi sayyohlar aynan Idrisiy maʼlumotlariga tayangani tarixiy manbalarda qayd etilgan. Islom sivilizatsiyasi olimlari tomonidan yaratilgan bu xaritalar jahon ilm-fani rivojida oʻchmas iz qoldirgan. Ular ilk bor dunyo tasavvurini aniq ilmiy mezonlar asosida shakllantirdi, koordinatalar, geografik tasnif, astronomik oʻlchov va etnografik maʼlumotlarni bir tizimga soldi.
Bugungi kunda global kartografiya va sputnik navigatsiya texnologiyalari aynan shu ulugʻ ilmiy merosning davomidir. Musulmon geograf va olimlarining ilmiy jasorati, izlanishi va kashfiyotlari insoniyat tamaddunining ildam qadamlaridan biri sifatida tarixda abadiy qolgan.
Durdona Rasulova
P/S:Maqolani markaz rasmiy saytiga havola bilan koʻchirib eʼlon qilish mumkin
Ko‘p o‘qilgan
Dunyoning 20 dan ortiq mamlakatidan 100 dan ortiq mutaxassis Toshkentda!
Serbiya Prezidenti Aleksandr Vuchich Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markaziga tashrif buyurdi
Islom sivilizatsiyasi markazi – maʼrifat sari eltuvchi global platforma