Arab tili grammatikasiga bagʻishlangan beqiyos asar

 

🔴 Asrlar osha yashab kelayotgan koʻp tilli lugʻat 


🔴 Arab tili ilmining tayanch manbai



 

Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazining “Birinchi Renessans” boʻlimida buyuk alloma Mahmud az-Zamaxshariy hayoti va ilmiy merosiga bagʻishlangan ekspozitsiya tashkil etilmoqda. Bu yerda olimning “Al-Mufassal fi sanʼat al-eʼrob” hamda “Muqaddamat ul-Adab” asarlarining asl va koʻchirilgan nusxalari joy olgan boʻlib, tashrif buyuruvchilar XII asr ilmiy muhitining haqiqiy namunalarini koʻz bilan koʻrish imkoniyatiga ega boʻladilar.

 

Har bir qoʻlyozma va uning nusxasi ilmiy-amaliy ishlovdan oʻtkazilib, ekspozitsiyada zamonaviy axborot panellari orqali Zamaxshariy hayoti, ilmiy faoliyati va asarlari haqidagi maʼlumotlar infografika, multimedia va interaktiv formatda taqdim etilmoqda. Bu yondashuv buyuk ajdodlar ilmini zamonaviy usulda keng jamoatchilikka yetkazishga xizmat qiladi.

 

Arab tili ilmining tayanch manbai

 

Zamaxshariyning “Al-Mufassal fi sanʼat al-eʼrob” asari arab tili grammatikasiga bagʻishlangan eng muhim manbalardan biri hisoblanadi. Unda soʻz turkumlari, gap tuzilishi, talaffuz va grammatik tizim izchil tahlil qilingan. Muallif arab tili qonun-qoidalarini mantiqiy asosda izohlab, nahv ilmini tizimli fan darajasiga koʻtargan.

 

Tarixiy manbalarga koʻra, asar oʻrta asrlarda keng tarqalgan va koʻplab madrasalarda oʻquv qoʻllanma sifatida foydalanilgan.

 

Toʻrt tilda yozilgan ilk lugʻat

 

Zamaxshariyning “Muqaddamat ul-Adab” asari arab, fors, turkiy va moʻgʻul tillaridagi soʻz va iboralarni qamrab olgan koʻp tilli lugʻatdir. 1137 yilda yozilgan bu asarda soʻz ildizlari, maʼnolari va morfologik shakllari aniq ilmiy uslubda yoritilgan. Bu asar asrlar davomida arab tilini oʻrganishda asosiy manbalardan biri sifatida xizmat qilgan.

 

Ilm olgan va ilm bergan alloma

 

Filologiya fanlari nomzodi, dotsent Salima Eshonova taʼkidlaydi:

 

– Zamaxshariy nafaqat ilm olgan, balki ilm bergan alloma. “Al-Mufassal” arab tili grammatikasining mukammal manbasi sifatida qadrlanadi. Rivoyatlarga koʻra, Yaman hokimi ushbu asarni yod olgan kishiga 5 ming dinor mukofot bergan. Bu uning ilm olamidagi nufuzini koʻrsatadi. Shuningdek, “Muqaddamat ul-Adab” asari ham toʻrt tilni qamrab olgan yirik lugʻat boʻlib, bugungi lingvistika uchun ham muhim ahamiyatga ega.

 

Zamaxshariyning ilmiy merosi arab tili, tarix, tafsir va filologiya sohalaridagi tadqiqotlar uchun hanuz asosiy manba boʻlib qolmoqda.




Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazidagi mazkur ekspozitsiya nafaqat oʻrta asr ilmiy merosini jonlantirish, balki uni zamonaviy axborot texnologiyalari orqali keng jamoatchilikka yetkazish maqsadida yaratilgan. “Al-Mufassal” va “Muqaddamat ul-Adab” asarlari islom ilm-fanidagi mukammallikning, zamonaviy tadqiqotlarda esa ilmiy ildizlarni anglashning ramzi sifatida qadrlanadi.

 

Goʻzal Beknazarova

P/S:Maqolani markaz rasmiy saytiga havola bilan koʻchirib eʼlon qilish mumkin