Madaniy birlik ramzi: besh xalq vakillari Islom sivilizatsiyasi markazida uchrashdi



 

Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markaziga yurtimizdagi qozoq, qirgʻiz, tojik, tatar va turkman milliy madaniyat markazlari vakillari tashrif buyurdi.

 

Mehmonlar Markaz muzeyida olib borilayotgan pardozlash va jihozlash ishlari, oʻziga xos milliy arxitekturasi, unda namoyish etilgan noyob artefaktlar, qadimiy qoʻlyozmalar va tarixiy osori-atiqalar bilan tanishdilar.

 

Tashrif davomida mehmonlar Oʻzbekistonning madaniy merosni asrab-avaylash va uni jahon miqyosida targʻib etish yoʻlidagi saʼy-harakatlarini hurmat bilan eʼtirof etishdi.



 

Oʻzbekiston tojik madaniyat markazi raisi Gulandom Subxonova ham markaz haqidagi taassurotlari bilan oʻrtoqlashdi:

 

“Har bir eksponat oldiga kelsangiz, oʻtmish muhitiga kirib, oʻsha davr bilan suhbatlashgandek boʻlasiz. Bu markazda tariximiz, sanʼatimiz, ilm-fanimiz jonlanib turgandek. Men oʻylaymanki, dunyoda bu markazning oʻxshashi yoʻq. Ayniqsa, haqiqiy ashyolar, asl nusxalar, noyob eksponatlar jamlangani – oʻz tariximizni koʻz bilan koʻrib, qalb bilan his qilish imkonini beradi”.

 

Islom sivilizatsiyasi markazi kutubxonasida Markaziy Osiyo davlatlari tomonidan chop etilgan kitoblar, ilmiy nashrlar hamda madaniy meros namunalarini joylashtirish ishlari yoʻlga qoʻyilgan. Shuningdek, Markazning “Yangi Oʻzbekiston – Yangi Renessans poydevori” boʻlimining tashqi siyosat qismida mintaqa mamlakatlari bilan olib borilayotgan hamkorlik siyosati va qoʻshma loyihalarga oid materiallar namoyish etilmoqda.


 

Umuman olganda ushbu tashrif Markaziy Osiyo xalqlari oʻrtasidagi madaniy-gumanitar aloqalarni yanada mustahkamlash, Oʻzbekistonning boy tarixiy va ilmiy merosini xalqaro miqyosda targʻib etish yoʻlidagi muhim qadamlardan biri.