Sharq sivilizatsiyasining eng katta dalili – ayollar ilmni asrab, jamiyatni nurga burkagan davr haqida...

 

Oʻrta asrlarda Movarounnahr va Xuroson nafaqat buyuk sarkardalar, balki yuksak tafakkur egalari, olimlar va sanʼatkorlar yurti sifatida tanilgan. Bunda nafaqat erkaklar, balki ayollar ham alohida oʻrin tutgan. Ayniqsa, Temuriylar davrida ayollar ishtiroki jamiyat hayotida muhim ahamiyat kasb etgan.





 

Tarixiy manbalar shuni koʻrsatadiki, Temuriy malikalar oddiy saroy ahli emas, balki davlat siyosati, diplomatiya va maʼnaviy-maʼrifiy sohalarda faol ishtirok etgan ziyoli ayollar boʻlgan. Amir Temurning umr yoʻldoshi Bibixonim oʻz davrining eng nufuzli ayollaridan biri edi. Bibixonim nomi bilan bogʻliq yirik qurilishlar, masjid va madrasalar bunyod etilishi ham uning tashabbuslari bilan bogʻliq. Manbalarda qayd etilishicha, u saroy ichidagi ziddiyatlarni yumshatishda, murosaga erishishda ham muhim rol oʻynagan. 


Tarix fanlari nomzodi Nargiza Xidirova taʼkidlaganidek, Temuriy malikalar haqida gapirganda, ularni oddiy malika sifatida emas, balki diplomat, siyosatchi va maʼnaviy-maʼrifiy ishlarning targʻibotchilari sifatida koʻrish lozim. 

 

“Masalan, Bibixonim barcha Temuriy shahzodalarni tarbiyalashda ishtirok etgan, bu esa beqiyos masʼuliyatni anglatadi,” — deydi tarixchi. 



 

Temuriylar sulolasining yana bir zabardast siymosi Gavharshodbegim boʻlib, u Hirotda katta masjid va madrasalar qurilishiga bosh-qosh boʻlgan. Oʻzining katta mulklarini ilm-maʼrifat rivoji yoʻlida vaqf qilgan. Shu bilan birga, Qurʼon nusxalarini koʻchirtirish, mashhur xattotlarni qoʻllab-quvvatlash, nafis qogʻozlarda Qurʼon kitoblarini yozdirish orqali diniy-maʼnaviy hayotga katta eʼtibor qaratgan. 

 

Shuningdek, mutaxassisning taʼkidlashicha, oʻrta asrlar va xonliklar davridagi ayollar faoliyatini oʻrganish alohida ekspozitsiya darajasida yoritilishga arziydi.

 

“XVI–XX asr boshlariga oid markaziy arxivlarda mingdan ortiq ayollarga tegishli vaqf hujjatlari mavjud. Bu hujjatlar, asosan, maktab, masjid va madrasalarga bagʻishlangan boʻlib, oʻsha davrda qoʻlyozma kitoblar nihoyatda qimmat turganiga qaramay, ayollar talabalarga zarur kitoblarni vaqf qilib berganliklari qayd etilgan. Bu holat, oʻz navbatida, oʻrta asr ayollarining ilm-fan va maʼnaviyat ravnaqiga qoʻshgan hissasi naqadar ulkan boʻlganini koʻrsatadi. Ular oʻz amallari bilan nafaqat oilasining, balki butun jamiyatning taraqqiyotiga xizmat qilgan, yurt sivilizatsiyasining mustahkam poydevorini yaratgan”  deydi Nargiza Xidirova.


Eslatib oʻtamiz, Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi va gʻoyasi bilan poytaxtda bunyod etilgan Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi 3000 yillik tariximizni oʻzida mujassam etishni maqsad qilgan. Bugungi kunda ushbu maskanda qurilish ishlari yakuniga yetib, pardozlash va jihozlash ishlari soʻnggi bosqichda amalga oshirilmoqda.