Islom sivilizatsiyasi markazida tarix vizual formatda taqdim etiladi
Xalqimiz ilmiy va madaniy merosi, islom sivilizatsiyasiga qoʻshgan hissasi, shuningdek, Birinchi va Ikkinchi Renessans davrlarida yurtimizdan yetishib chiqqan ulugʻ allomalar faoliyati yangi formatda keng yoritiladi.
Oʻzbekistonda barpo etilgan Islom sivilizatsiyasi markazi — bu nafaqat muzey yoki ilmiy muassasa, balki tarix bilan zamonaviy texnologiyalar uygʻunlashgan maʼrifat maskanidir.

 
Markazda yaratilayotgan ekspozitsiya va multimediaviy materiallar har bir kichik detalgacha olimlar, tarixchilar va sanʼatshunoslar muhokamasi orqali shakllanmoqda.
Shu maqsadda markazda ilmiy-tarixiy videoroliklar taqdimoti va muhokamasi boʻlib oʻtdi. Unda mamlakatimizning yetakchi olimlari, tarix va madaniyat sohasi mutaxassislari, rejissyorlar, xattotlar, dizaynerlar hamda yosh tadqiqotchilar ishtirok etdi.

Unda markaz ekspozitsiyalariga mos ravishda ishlab chiqilgan tarixiy roliklarning mazmun-mohiyati, badiiy ifodasi va ilmiy aniqligi boʻyicha atroflicha fikr almashildi.
Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi mamlakatimizda Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan barpo etilgan ulkan maʼnaviy-maʼrifiy maskan boʻlib, uning asosiy maqsadi — xalqimiz ilmiy va madaniy merosini, islom sivilizatsiyasiga qoʻshgan hissasini, shuningdek, Birinchi va Ikkinchi Renessans davrlarida yurtimizdan yetishib chiqqan ulugʻ allomalar faoliyatini keng yoritishga bor eʼtiborimiz qaratilgan.

 
- Ijodkorlarimiz tomonidan yaratilgan muzey ekspozitsiyasining Ikkinchi Renessans davri boʻlimiga bagʻishlangan roliklarni koʻrish jarayonida olimlarimiz va rejissiyorlar hamkorlikda ishlashdi. Har bir detalga alohida eʼtibor bilan yondashilmoqda. Gap shundaki, Prezidentimiz tashabbuslari bilan bunyod etilayotgan Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazidek mahobatli binoning har bir kontenti binoga mos boʻlishi kerak va barchamiz shuning harakatidamiz,- dedi tarix fanlari doktori Xurshid Fayziyev.
Tadbir davomida Amir Temur, Mirzo Ulugʻbek, Alisher Navoiy, Sulton Husayn Boyqaro, Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Ahmad Fargʻoniy kabi buyuk tarixiy shaxslar haqidagi videolavhalar namoyish etildi. Ularda sahnaviy ifodalar va zamonaviy grafik yechimlar orqali tarixiy voqelik vizual tarzda tiklangan.
Mutaxassislar taʼkidlashicha, sunʼiy intellekt yordamida yaratilgan qadimiy shaharlar va meʼmoriy yodgorliklarning 3D tiklanishi yoshlarda milliy gʻurur va ilmga qiziqishni oshirishda muhim ahamiyat kasb etadi.

 
– Yaratilayotgan videoroliklar markaz ekspozitsiyalari bilan uygʻun holda ishlab chiqilmoqda. Ular nafaqat mehmonlarga, balki xalqaro ilmiy jamoatchilikka ham yurtimizning boy islomiy va madaniy merosini yetkazish imkonini beradi, — dedi filologiya fanlari nomzodi Burobiya Rajabova.
Muhokama yakunida videoroliklarni yanada takomillashtirish boʻyicha takliflar bildirildi. Markaz jamoasi bu materiallar asosida kelgusida xalqaro onlayn-platformalarda namoyishlarni tashkil etishni rejalashtirmoqda.
Ko‘p o‘qilgan
          Dunyoning 20 dan ortiq mamlakatidan 100 dan ortiq mutaxassis Toshkentda!
          Serbiya Prezidenti Aleksandr Vuchich Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markaziga tashrif buyurdi
          Islom sivilizatsiyasi markazi – maʼrifat sari eltuvchi global platforma