Finlyandiya Prezidenti Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markaziga tashrif buyurdi
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning taklifiga binoan Finlyandiya Respublikasi Prezidenti Aleksandr Stubb mamlakatimizda boʻlib turibdi.
Oliy martabali mehmon mamlakatimizning noyob durdonasi, oʻtmish va kelajakni bir nuqtada birlashtira olgan majmua – Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markaziga tashrif buyurdi.
Prezident Aleksandr Stubbga markaz rahbariyati va olimlar hamrohlik qilib, jahon ilm-fani va islom olamida ulkan ahamiyat kasb etguvchi mazkur majmuaning ahamiyati toʻgʻrisida batafsil maʼlumot berishdi.
Darhaqiqat, markaz ekspozitsiyalarida namoyish etilayotgan 1000 ga yaqin loyihalarning 400 dan ziyodi xorijiy hamkorlar bilan birgalikda amalga oshirilayotgani, bu esa dunyo olimlarini ilmiy tadqiqotlar sari chorlayotgani va birlashtirayotgani Islom sivilizatsiyasi markazining ahamiyatini bugun yanada yuksaltirdi.
Finlyandiya Prezidenti mazkur dargohda muzey, koʻrgazma zallari bilan alohida qiziqib, Oʻzbekistonning madaniy merosi jahonda qay darajada bebaho ekanligini eʼtirof etdi.
Tashrif asnosida Prezident Aleksandr Stubb Oʻzbekistonda qadriyatlarni avaylash va ajdodlarga ehtirom koʻrsatish yoʻlida barpo etilgan ushbu ilmlar maskani – Islom sivilizatsiyasi markazi kelgusi avlodlar kamolotiga chin maʼnoda xizmat qilishi borasida tushunchalarga ega boʻldi.
Finlyandiya Respublikasi Prezidenti Aleksandr Stubb:
“Rostini aytsam, bu yerda men beqiyos taassurotlar girdobiga tushib qoldim. Har bir ekspozitsiya, har bir zal, har bir detal chuqur oʻylangan. Uch ming yillik tarixni bugungi avlodga shu darajada zamonaviy shaklda yetkazib berish — bu yuksak sanʼat va buyuk mahorat talab etadi.
Bu Markaz nafaqat oʻtgan asrlar merosini qayta jonlantirgan, balki kelajak avlod uchun ham ilhom manbaiga aylangan. Ayniqsa, interaktiv namoyishlar va innovatsion texnologiyalar yoshlarni oʻziga jalb etadi. Ular bu yerda tarixni oʻqimaydi — uni his qiladi.
Markazda yaratilgan muhitda zerikishning oʻzi mumkin emas. Har bir sahna, har bir yoritilgan tafsilot o'ziga xos. Men bu yerdan ulkan minnatdorlik va hayrat bilan chiqyapman.”
Milliy anʼanalarni namoyish etuvchi bezaklar, mahobatli peshtoqlar va gumbaz salobati bu yerga keladigan har qanday xorijliklarning Turon zamini va uning uch ming yillik tarixidan boxabar etish bilan birga, Oʻzbekistonning kelajagi haqida ham taassurotlarni uygʻotishi tabiiy.
Ko‘p o‘qilgan
Dunyoning 20 dan ortiq mamlakatidan 100 dan ortiq mutaxassis Toshkentda!
Serbiya Prezidenti Aleksandr Vuchich Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markaziga tashrif buyurdi
Islom sivilizatsiyasi markazi – maʼrifat sari eltuvchi global platforma