“Markaziy Osiyoda maʼnaviy meros va maʼrifatparvarlik” xalqaro kongressiga tayyorgarlik: maxsus shtabning birinchi yigʻilishi boʻlib oʻtdi

 

Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi va Tashqi ishlar vazirligi hamda qator masʼul tashkilotlar ishtirokida Toshkentda oʻtkaziladigan “Markaziy Osiyoda maʼnaviy meros va maʼrifatparvarlik” mavzusidagi xalqaro kongressga tayyorgarlik boʻyicha aniq vazifalar belgilab olindi.

 

Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan tashkil etilayotgan mazkur xalqaro kongressni yuqori saviyada oʻtkazishni taʼminlash maqsadida maxsus tashkiliy shtabning birinchi muhokamasi boʻlib oʻtdi.


 

Yigʻilishda markaz direktori Firdavs Abduholiqov, tegishli vazirlik va idoralar vakillari ishtirok etdi.


Maʼlumot uchun, shtab tarkibiga vazirlik va idoralar vakillari, madaniyat, ilm-fan va axborot sohasi mutaxassislari kiritilgan. Ularning asosiy vazifasi — kongress doirasidagi barcha ilmiy, madaniy va tashkiliy ishlar uzviy muvofiqlashtirilishini taʼminlashdan iborat.

 

Yigʻilish muhokamasida Oʻzbekiston Fanlar akademiyasi vitse-prezidenti Bahrom Abduhalimov tadbirda xavfsizlik, tashkiliy tayyorgarlik, olimlar va mehmonlarning oʻz vaqtida yetib kelishi hamda ularning erkin ishtirokini taʼminlash masalalari markaz eʼtiborida boʻlishini taʼkidladi. 

 

– Kongressni yuksak saviyada oʻtkazish uchun barcha zarur choralar koʻrilmoqda, dedi B.Abduhalimov.

 

Yigʻilishda, kongress doirasida oʻtkaziladigan “Markaziy Osiyo va Ozarbayjon kino kunlari”ni tashkil etish boʻyicha ham qator masalalar koʻrib chiqildi.


Yigʻilish ishtirokchilari taʼkidlaganidek, ushbu xalqaro kongress Markaziy Osiyo xalqlarining umumiy ildizlarga ega boy maʼnaviy va madaniy merosini yanada yaqinlashtiradi. Shu maqsadda anjuman doirasida koʻrgazmalar, madaniy dasturlar va ilmiy nashrlar taqdimoti ham tashkil etilishi koʻzda tutilgan.

 

Maxsus shtabning ilk yigʻilishida xalqaro kongressning madaniy tadbirlari doirasida oʻtkazilishi kutilayotgan  Markaziy Osiyo va Ozarbayjon kino kunlarida hamkorlikda ishlangan filmlarni saralash hamda namoyish etish boʻyicha aniq topshiriqlar berildi.





Shuningdek, kongress davomida tasviriy sanʼat va kitob koʻrgazmalari hamda kino kunlariga oid afishalar va videomateriallarini tayyorlash boʻyicha rejalar belgilab olindi.

 

Tadbir nafaqat ilmiy hamkorlik, balki mintaqaviy doʻstlik va hamjihatlik ramzi sifatida katta ahamiyat kasb etadi.