Serbiya Prezidenti Aleksandr Vuchich Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markaziga tashrif buyurdi






Ayni paytda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning taklifiga binoan Serbiya Respublikasi Prezidenti Aleksandr Vuchich rasmiy tashrif bilan mamlakatimizda boʻlib turibdi.

 

29 oktabr kuni Serbiya Respublikasi Prezidenti Aleksandr Vuchich rafiqasi Tamara Vuchich hamrohligida Toshkent shahrida barpo etilgan, Islom meʼmorchiligining haqiqiy durdonasi va Oʻzbekistonning Uchinchi Renessans davri timsoli sanalgan Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markaziga tashrif buyurdi. Oliy martabali mehmonga markaz rahbariyati va olimlar hamrohlik qilib, dunyoda oʻxshashi boʻlmagan ushbu ulkan meʼmoriy majmua hamda uning jahon ilm-fani va islom olamidagi oʻrni haqida batafsil maʼlumot berishdi. Qadimiy meʼmoriy anʼanalar va milliy bezaklar uygʻunligida qurilgan, toʻrt tomonida balandligi 34 metrli peshtoqlar, oʻrtada esa 65 metrli milliy uslubdagi gumbaz barpo etilgan bu inshootning mahobati mehmonlarni oʻziga rom etdi. Prezident Aleksandr Vuchich markazning buyuk ajdodlar galereyasi, Islomdan oldingi davr, Birinchi Renessans, Ikkinchi Renessans, Yangi Oʻzbekiston ekspozitsiyalari bilan tanishdi. Serbiya davlat rahbariga zamonaviy shaharsozlik sharoitida bunday meʼmoriy yodgorliklarning ahamiyati, Markazning maqsad va vazifalari haqida ham atroflicha maʼlumot berildi. Prezident Aleksandr Vuchich markazdagi ekspozitsiyalar bilan tanishib, xalqimizning boy tarixiy va maʼnaviy merosini keng namoyish etishga qaratilgan bunday ishlar yuksak samara berishiga ishonch bildirdi.





 

“Men sizning Prezidentingizni va mamlakatingizni ana shunday muhtasham majmua ishga tushayotgani bilan tabriklamoqchiman. Avvalo bizga ushbu muhtasham markaz bilan yaqindan tanishish imkoni berilgani uchun minnatdorlik bildiraman.  Bu yirik ilmiy-maʼrifiy markaz nafaqat xorijdan kelgan mehmonlar uchun, balki yosh avlod vakillari uchun  ham juda katta ahamiyatga ega. Chunki ular bu markaz orqali  oʻzbek xalqi madaniyati va  tarixi bilan tanisha oladilar. Shuning uchun men bugun juda koʻp narsani oʻrgandim deb oʻylayman va albatta bu yerga yana qaytaman. Chunki Islom sivilizatsiyasi markazi nihoyatda zamonaviy va ajoyib usulda bunyod etilgan. Men bunga oʻxshash markazni avval hech qayerda  koʻrmaganman. Men  serbiyalik barcha vatandoshlarimga shunday degan boʻlardim: “Azizlarim, men juda katta xato qilganman, chunki Oʻzbekistonga  ilgari hech qachon kelmaganman. Iltimos, imkon qadar tezroq bu yurtni koʻrish uchun kelinglar.”- dedi Serbiya Prezidenti Aleksandr Vuchich.