Islom sivilizatsiyasi markazida ilm-fanning “yuragi” qaytadan ura boshlaydi
🔴 IX asr olimlari XXI asr texnologiyasida jonlanadi
IX–X asrlarda Abbosiylar hukmronligi davrida turli millat va eʼtiqod vakillarini birgalikda ilm tarqatish hamda kashfiyot yaratishiga xizmat qilgan “Baytul hikma” Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi muzeyi ekspozitsiyasida alohida joy olmoqda. Muzey ekspozitsiyasining Birinchi Renessans davri boʻlimida “Baytul hikma kapsulasi” nomli oʻziga xos interaktiv koʻrgazma namoyish etilishi kutilyapti.
Bu ekspozitsiya IX–X asrlarda Markaziy Osiyoda yashab, insoniyat ilmiga ulkan hissa qoʻshgan buyuk mutafakkirlar faoliyatini zamonaviy talqinda yoritadi.

Abbosiylar xalifaligi davrida Bogʻdod shahrida tashkil etilgan “Baytul hikma” — turli millat va eʼtiqod vakillari birgalikda ilm tarqatish va kashfiyot yaratishga intilgan ilmiy markaz edi. Ushbu buyuk maskanda faoliyat yuritgan olimlar orasida Muhammad Xorazmiy, Ahmad Fargʻoniy va Abu Nasr Forobiylar alohida oʻrin tutadi.
Muhammad Xorazmiy “Baytul hikma” rahbari sifatida algebraning asoschisi boʻlgan. Uning “Al-jabr va-l-muqobala” asarida bayon etilgan matematik usullar hozirgi zamon texnika va iqtisodiyot nazariyalarida ham asos boʻlib xizmat qilmoqda.
Ahmad Fargʻoniy esa oʻz zamonasining yetuk astronom va muhandisi sifatida tanilgan. U Nil daryosidagi nilometrni takomillashtirib, gidrostatika qonuniga asoslangan ilk gidrologik qurilmani yaratgan. Markazda namoyish etilgan nilometr maketi — jahon suvshunosligi tarixidagi buyuk ilmiy kashfiyotlarning ramzidir.
Abu Nasr Forobiy — “Baytul hikma” muhitida yetishgan, falsafa, siyosat va musiqa sohalarida ulkan iz qoldirgan allomadir. Uning “Fozil odamlar shahri” asari ijtimoiy fikr va axloq falsafasi rivojida yangi bosqich boʻldi. Shuningdek, “Musiqa haqidagi katta kitob” orqali Forobiy musiqa nazariyasini ilmiy asosga qoʻyib, “ud” cholgʻu asbobini yaratgan.
Markaz ekspozitsiyasida Forobiy yaratgan ud asbobining maketi ham joy olgan boʻlib, u insoniyatning ijodiy tafakkuri va nafosat hissini ifodalaydi.
Markaz ilmiy kotibi Rustam Jabborovning taʼkidlashicha, “Baytul hikma kapsulasi” — Birinchi Renessans davrining buyuk ilmiy merosini zamonaviy formatda yodga soluvchi ramziy ekspozitsiyadir. Unda Sharq mutafakkirlarining fan, falsafa, musiqa va muhandislikdagi yutuqlari zamonaviy texnologiyalar orqali jonlantirilgan. Bu boʻlim inson zehni, izlanish ruhi va maʼnaviyat uygʻunligini tarannum etadi.
Durdona Rasulova
P/S:Maqolani markaz rasmiy saytiga havola bilan koʻchirib eʼlon qilish mumkin
Ko‘p o‘qilgan
Dunyoning 20 dan ortiq mamlakatidan 100 dan ortiq mutaxassis Toshkentda!
Islom sivilizatsiyasi markazi – maʼrifat sari eltuvchi global platforma
Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi muzeyi yanada boyidi: dunyoning turli burchaklaridan noyob artefaktlar sovgʻa qilindi