Markaziy Osiyo miniatyura maktabining eng noyob durdonasi Toshkentda namoyish etiladi

 

🔴 “Mehnatni muhabbat bilan teng koʻrgan yigit”


🔴 “Sharq Rafaeli”ning yashirin imzosi nimani anglatadi?  

 

Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi muzeyi ekpozitsiyasidagi har bir eksponat, har bir artefakt tomoshabinni oʻyga soladi.  Sharq miniatyura sanʼati durdonalaridan biri boʻlgan ana shunday noyob artefaktlardan biri har bir insonni oʻz “togʻlari”ni yengishga, mehnatni muhabbat bilan bogʻlashga chorlaydi.


Sharq miniatyura sanʼati – bu goʻzallik va rang uygʻunligi ortidagi falsafa, inson ruhining teran tasviri. Har bir chizgi, har bir rang ortida asrlar davomida shakllangan maʼnaviy olam, fikr va tarix mujassam. Ana shunday bebaho durdonalardan biri – Alisher Navoiyning “Xamsa” dostonidagi “Farhod va Shirin” qissasiga bagʻishlab yaratilgan “Farhod sangtaroshdan teshani olmoqda” nomli miniatyura hisoblanadi. 




XV-XVI asrlar davridagi Hirot shahri - Sharq Uygʻonishining maʼnaviy markazi edi. Husayn Boyqaro hukmronligi yillarida Alisher Navoiy, Kamoliddin Behzod, Abdurahmon Jomiy, Sulton Ali Mashhadiy kabi ilmu sanʼat namoyandalari hamkorlikda “Hirot maktabi” deb atalgan badiiy muhitni shakllantirdilar.


Aynan shu davrda “Xamsa” dostonlari uchun yaratilgan miniatyuralar nafaqat adabiy, balki falsafiy jihatdan ham beqiyos ahamiyat kasb etgan. 


Miniatyurada aks etgan Farhodning teshani sangtaroshdan qabul qilishi – bu jismoniy harakat emas, balki insonning ruhiy kamolot sari tashlagan ilk qadami, ustozdan ilhom olish lahzasidir.


Soʻfiy talqinida bu sahna quyidagicha maʼno kasb etadi:


Togʻ – nafs;


Tesha – zikr;


Sangtarosh – murshid;


Farhod –  haqiqat izlovchi inson.


Farhod togʻlarni yorib oʻtganida, aslida, inson oʻz nafs devorlarini buzmoqda. Bu - haqiqiy muhabbatga, maʼrifatga va ruhiy erkinlikka yetish yoʻlidir. Shu jihatdan ushbu miniatyura Sharq tasviriy sanʼatida “inson va haqiqat oʻrtasidagi ichki muhoraba”ni ifodalagan ilk asarlardan biri sifatida alohida oʻrin tutadi.

 

Kamoliddin Behzod maktabi va yashirin imzolar anʼanasi


Tadqiqotchilar ushbu miniatyuraning uslubi va detal ishlanmalariga koʻra uni Sharqning Rafaeli nomini olgan buyuk musavvir Kamoliddin Behzod maktabiga mansub, deb hisoblaydilar. 


Ushbu anʼanaga koʻra, ustalar oʻz nomini ochiqcha yozish oʻrniga belgilarini naqsh yoki fon orqali yashirib tasvirlaganlar. Bu sanʼat asariga sirli maʼno va ruhiy “hayot” bagʻishlagan. 

 

Oʻzbekistonda namoyish etilayotgan yuksak meros 


Bugungi kunda ushbu miniatyuraning noyob nusxasi Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi ekspozitsiyalarida namoyish etilishi kutilyapti.


Bu ekspozitsiya nafaqat Sharq miniatyura maktabi tarixi bilan tanishish imkoniyati, balki Navoiy va Behzodning maʼnaviy dunyosiga ruhan sayohat qilish imkonidir.


Insonni fikrlashga, oʻz ichki “togʻlari”ni yengishga chorlaydigan bu asar - maʼnaviyat, mehnat va muhabbatning abadiy darsidir.

 

Laylo Abdukaxxarova
P/S:Maqoladan markaz rasmiy sayti havolasini koʻrsatgan holda foydalanish mumkin.