“Markaziy Osiyoda maʼnaviy meros va maʼrifatparvarlik”: Oʻzbekiston muhim xalqaro tadbirga mezbonlik qiladi
Prezident Shavkat Mirziyoyevning tashabbusi bilan tashkil etilayotgan mazkur nufuzli xalqaro maʼnaviy-maʼrifiy kongressda Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlari tashriflari ham kutilmoqda.
“Markaziy Osiyoda maʼnaviy meros va maʼrifatparvarlik” mavzusidagi mazkur xalqaro kongress mintaqaning 300 ga yaqin ilm, sanʼat, maʼrifat, madaniyat vakillari, tadqiqotchilaru olimlarini bir maqsad yoʻlida birlashtirmoqda.
Mazkur xalqaro kongress Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan amalga oshirilayotgan mintaqaning madaniy va tarixiy merosini birlashtirish, boy maʼnaviy, madaniy va ilmiy merosga ega hudud sifatidagi ahamiyatini koʻrsatish hamda yangi integratsion tashabbuslar uchun zamin, bir soʻz bilan aytganda, yagona madaniy makon sifatida targʻib qilish kabi muhim maqsadlar yoʻlidagi muhim qadamdir.
Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazida qator vazirlik va tashkilotlarning masʼullari ishtirokida ushbu nufuzli xalqaro tadbirni yuqori saviyada oʻtkazishga bagʻishlangan yigʻilish boʻlib oʻtdi.

Yigʻilishda masʼul vazirlik va tashkilotlarning mazkur xalqaro tadbirdagi vazifalari va ularning ijrosini taʼminlash borasidagi majburiyatlari koʻrib chiqildi.
Kongress qatnashchilari va mehmonlari uchun nufuzli tadbir maqsadiga hamohang madaniy-maʼrifiy tadbirlar, qator ilmiy mavzularda muhokama yigʻilishlarini tashkil etish kabi masalalar muhokama qilindi.



Oʻzbekiston Fanlar akademiyasi vitse-prezidenti Bahrom Abduhalimov kongressning ilmiy va maʼnaviy ahamiyatini taʼkidlarkan, “Bu forum Markaziy Osiyo xalqlarining umumiy madaniy ildizlarini yanada yaqinlashtiradi” dedi.
Kongress doirasida yalpi yigʻilish va bir nechta shoʻʼba yigʻilishlari oʻtkazilishi rejalashtirilgan boʻlib, ularda xalqaro va mahalliy ekspertlar, ilm-fan, madaniyat sohasi vakillari ishtirok etadilar.




Shuningdek, anjuman doirasida koʻrgazmalar, madaniy dasturlar va ilmiy nashrlar taqdimoti ham tashkil etilishi koʻzda tutilgan.
Koʻrgazmalarda Markaziy Osiyo mamlakatlarining mashhur mualliflarning durdona kitoblari, badiiy va hujjatli filmlar namoyishi, rassomlarning fotokoʻrgazmalari kutilyapti.
Shuningdek, xalqaro kongressning madaniy tadbirlari doirasida Markaziy Osiy va Ozarbayjon kino kunlari oʻtkazilishi ham rejalashtirgan.
Yigʻilish yakunida barcha idoralardan ushbu belgilangan vazifalarning ijrosini taʼminlash, xalqaro kongressni yuqori saviyada oʻtkazish boʻyicha masʼul vakillar belgilanib, tadbirni muvofiqlashtiruvchi Maxsus shtab tuzilishi haqida qaror qabul qilindi.
Tashkilotchilarning taʼkidlashicha, bu tadbir nafaqat ijodkorlar va olimlar muloqotini kengaytiradi, balki mintaqaviy madaniy aloqalarni mustahkamlab, Oʻzbekistonning xalqaro nufuzini yanada oshiradi.
Ko‘p o‘qilgan
Dunyoning 20 dan ortiq mamlakatidan 100 dan ortiq mutaxassis Toshkentda!
Islom sivilizatsiyasi markazi – maʼrifat sari eltuvchi global platforma
Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi muzeyi yanada boyidi: dunyoning turli burchaklaridan noyob artefaktlar sovgʻa qilindi