Chingizxon ham vayron qila olmagan moʻʼjiza: Oʻzbekistondagi megaloyihadan joy olgan eksponat haqida haqiqatlar
Arxitektura fanlari doktori, professor Abdumannop Ziyayev Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi ekspozitsiyasidan oʻrin olayotgan tarixiy meʼmoriy yodgorlikni “asrlar osha kelgan ilk uygʻonish davri meʼmorchiligi namunasi” deya taʼrifladi.

Tarixiy Buxoroning markazida baland koʻtarilgan Minorai Kalon asrlar osha saqlanib kelayotgan islom meʼmorchiligi moʻʼjizasi hisoblanadi. Uning soʻlmas salobati va nozik bezaklari asrlar davomida shaharning ramziga aylangan. XII asrda qurilgan bu minora — nafaqat Buxoro, balki butun Markaziy Osiyoning islom sivilizatsiyasidagi eng yorqin yodgorliklaridan biridir.
Bugungi kunda Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazida yaratilayotgan 80 dan ziyod tarixiy maketlar orasida aynan Minorai Kalon maketi alohida ahamiyat kasb etmoqda. U arxeologik maʼlumotlar va aniq meʼmoriy oʻlchovlar asosida zamonaviy texnologiyalar yordamida yaratilmoqda. Bu maket Markazning “Birinchi Renessans” boʻlimidagi ekspozitsiyaning markaziy qismiga aylanishi kutilmoqda.

Arxitektura fanlari doktori, professor Abdumannop Ziyayev bu minorani “asrlar osha kelgan ilk uygʻonish davri meʼmorchiligi namunasi” deb baholaydi:
“Minorai Kalon Qoraxoniylar sulolasi hukmronligi davrida — milodiy 1127 yilda hukmdor Muhammad Arslonxon farmoni bilan qurilgan. Bu inshoot shu paytgacha oʻz asl koʻrinishini deyarli yoʻqotmagan holda saqlanib kelayotgan noyob meʼmoriy yodgorlikdir”, — deydi olim.
Uning taʼkidlashicha, minora nafaqat arxitektura jihatidan, balki maʼnaviy jihatdan ham xalqimiz tarixiy xotirasining muhim qismi sanaladi.
“Bu minora nafaqat azon uchun qurilgan inshoot, balki oʻz davrida shaharning maʼnaviy markazi, bunyodkorlik ruhining ifodasi boʻlgan”, — deya qoʻshimcha qiladi Ziyayev.

Nega Minorai Kalon?
“Kalon” soʻzi arabcha “buyuk” degan maʼnoni anglatadi. Bu nom bejiz berilmagan: XII asrda qurilgan minora Buxorodagi barcha inshootlardan baland boʻlib, azon tovushi butun shahar boʻylab eshitilishi uchun xizmat qilgan. Keyinchalik u nafaqat diniy markaz, balki shaharning “mayoq” vazifasini ham bajargan — uzoqdan kelayotgan karvonlar uchun yoʻlboshchi belgisi boʻlgan.
Tarixiy manbalarda qayd etilishicha, XIII asrda Chingizxon Buxoroga kirganida koʻpgina binolar vayrona boʻlgan, ammo Minorai Kalon omon qolgan. Shu bois u “asrlar osha yetib kelgan moʻʼjiza” deb ataladi.

XX asrda minora bir necha bor taʼmirlangan: 1924 va 1960 yillarda poydevori mustahkamlanib, 1997 yilda — Buxoroning 2500 yilligi munosabati bilan toʻliq restavratsiya qilingan.
Minora balandligi taxminan 46 metr, poydevori diametri 9–9,7 metr. U pishiq gʻishtdan, yuqoriga chiqqan sari torayib boruvchi silindr shaklida qurilgan. Devorlari xilma-xil gʻisht ornamentlari va geometrik naqshlar bilan bezatilgan boʻlib, har bir qator goʻyo xattot qalamida bitilgandek aniqlikda bajarilgan. Tepa qismidagi 16 tirqishli rotonda va muqarnas toji uning bezak va muhandislik yechimini mukammallashtiradi.
“Minorai Kalon — qurilish texnologiyalari bilan islom estetikasi uygʻunlashgan asar”, — deya taʼkidlaydi Ziyayev.
Bugungi kunda Minorai Kalon nafaqat Buxoroning, balki Oʻzbekistonning madaniy merosi ramziga aylangan. Islom sivilizatsiyasi markazidagi uning maketi ilk uygʻonish davrining meʼmoriy shoh asarlaridan biri sifatida namoyish etiladi.
“Minorai Kalon — xalqning ruhini ifoda etuvchi timsol. Unga qarab Buxoroning nafasi, islom sivilizatsiyasining ilmiy va maʼnaviy nurini his qilish mumkin”, — deya xulosa qiladi Abdumannop Ziyayev.
Ko‘p o‘qilgan
Dunyoning 20 dan ortiq mamlakatidan 100 dan ortiq mutaxassis Toshkentda!
Islom sivilizatsiyasi markazi – maʼrifat sari eltuvchi global platforma
Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi muzeyi yanada boyidi: dunyoning turli burchaklaridan noyob artefaktlar sovgʻa qilindi