XV asrda koʻchirilgan noyob Qurʼon nusxasi xalq qoʻlidan Islom sivilizatsiyasi markaziga topshirildi

 

Madaniy merosimizga oid noyob va qadimiy ashyolar, bebaho artefaktlar nafaqat xorijda, balki mahalliy aholi qoʻlida ham saqlanib kelayotgani sir emas.

 

Davlat rahbari tashabbusi bilan bugungi kunda noyob artefaktlarni izlab topish va Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi muzeyi fondiga qaytarish yoʻlidagi xayrli ishlarda mahalliy aholi ham faol ishtirok etmoqda.



 

Markaz direktori Firdavs Abduholiqov rahbarligida oʻtgan olimlaru mutaxassislar ishtirokida oʻtkazilgan navbatdagi Ilmiy kengash yigʻilishida Qurʼoni karim zali ekspozitsiyasi uchun 8 qirrali tumor – bozuband shaklidagi XV–XVI asrlarga oid qirrasi 46 mm, qalinligi 13 mm. hamjdagi Qurʼoni karimning noyob kichik nusxasi mahalliy fuqaro tomonidan taqdim etildi.

 

Kengash aʼzolari mazkur eksponatni koʻzdan kechirar ekan, har bir beti, har bir harfi ortida oʻsha davr xattotining iqtidori va mehnati yaqqol sezilib turganini qayd etishdi.

 

Professor Bahrom Abduhalimov bu Qurʼonning ulkan ahamiyatini taʼkidlar ekan, shunday dedi:

 

– Bu qadar kichik hajmdagi Qurʼonni koʻchirish ulkan mehnat va sabrni talab qiladi. Shu bois bu eksponatning qiymati beqiyos.

 

“Art Vernissage” MChJ rahbari Shavkat Sultonov esa uni xalqaro ISO baholash mezonlari asosida tekshirish natijasida ushbu noyob Qurʼon nusxasi Samarqand qogʻozida, har sahifasiga 18 qatordan iborat matn zich, ammo oʻqilishi oson shaklda koʻchirilganini maʼlum qildi.

 

– Kitobning oʻrtasidagi oltin suvi bilan bezatilgan naqsh esa goʻyo har bir sahifadan nur sochib turgan manba singari koʻzni qamashtiradi.


Bu kichik, ammo maʼnan beqiyos eksponat endi xalqimizga xizmat qiladigan milliy boylik sifatida Markaz muzeyi fondidan joy oladi.



 

Ilmiy kengash aʼzolari mazkur noyob topilmani yurtimiz madaniy merosini asrab-avaylash, tarixiy hujjatlar va muqaddas qoʻlyozmalarni kelajak avlodga yetkazish yoʻlidagi muhim qadam sifatida eʼtirof etdilar. 8 qirrali “tumor”ning Markaz muzeyi fondiga topshirilishi nafaqat milliy qadriyatlarimizning qayta tiklanishi, balki xalq va ilmiy jamoatchilik oʻrtasidagi hamkorlikning yuksak namunasi sifatida baholandi. Kengash aʼzolari ushbu qimmatli artefakt Markaz ekspozitsiyasida munosib oʻrin egallab, islom sivilizatsiyasi tarixi va kitobat sanʼati taraqqiyotini yanada chuqurroq ochib berishga xizmat qilishini taʼkidladilar.