Amir Temurning tarixiy siymosi gologramma ko‘rinishida markaz ekspozitsiyasidan o‘rin oladi
Temuriylar tarixi davlat muzeyida tarix, adabiyot, san’at, arxitektura kabi yo‘nalishlar bo‘yicha faoliyat yuritayotgan mutaxassislar, olimlar va loyiha rahbarlari ishtirokida navbatdagi muhim yig‘ilish bo‘lib o‘tdi.
Yig‘ilish O‘zbekiston Islom sivilizatsiyasi markazida yaratilayotgan Ikkinchi Renessans ekspozitsiyasi loyihasini yanada mukammallashtirish, uni zamonaviy yondashuvlar asosida boyitish, mazmunini chuqurlashtirishga qaratildi.
Loyiha rahbari Xurshid Fayziyev boshchiligida o‘tgan majlisda:
- ekspozitsiyaning asosiy konsepsiyasi;
- tarixiy obrazlarning taqdimoti;
- xorijiy dizaynerlar bilan hamkorlikdagi yechimlar;
- ilmiy yondashuvlar va arxitektura uyg‘unligi kabi masalalar atroflicha muhokama qilindi.
Ikkinchi Renessans ekspozitsiyasida quyidagilar namoyon bo‘ladi:
- Amir Temurning tarixiy siymosi va portreti;
- Temuriy shahzodalar – Shohrux, Husayn Boyqaro, Zahiriddin Muhammad Bobur merosi;
- Qur’oni karim nusxalari, hadis ilmi, fiqhiy va adabiy manbalar;
- madrasa va masjidlar arxitekturasi, miniatyura san’ati va yozma manbalar;
- o‘sha davr olimlari, adiblari, muarrix va muhaddislar faoliyati.
O‘zbekiston Fanlar akademiyasi O‘zbek tili, adabiyoti va folklori instituti yetakchi ilmiy xodimi, filologiya fanlari nomzodi Burobiya Rajabova ushbu loyiha haqida o‘z fikrlari bilan o‘rtoqlashdi.
"Menimcha, Temuriylar sulolasi vakillari orasida Amir Temur siymosiga ilk bor chuqur e’tibor qaratgan, u haqidagi tarixiy ma’lumotlarni e’tirof va faxr bilan yozib qoldirgan shaxs bu — Zahiriddin Muhammad Boburdir.
Bobur "Boburnoma" asarida Amir Temur haqida 31 ta alohida ma’lumotni keltirgan. Har bir jumla orqasida faxr, shavq va ma’naviy bog‘liqlik aks etib turadi. Shu bois, men uni bemalol Amir Temurning ilk tadqiqotchisi deb atayman.
Biroq qiziq jihat shundaki, Bobur bu 31 ma’lumotda Amir Temurning qiyofasi yoki portreti haqida biror tasvir bermagan. Holbuki, u o‘z asarida otasi Umar Shayx, sulton Husayn Boyqaro kabi boshqa temuriy amirlar haqida bunday tasvirlarga o‘rin bergan.
Bu tafsilotni o‘rganar ekanman, akademik Ibrohim Mo‘minovich tahriri ostida yaratilgan Samarqand tarixi asariga duch keldim. Ana o‘sha asarda Amir Temurga bag‘ishlangan tarixiy manbalar chuqur sharhlanib, ular asosida Temurning siymosi va portreti so‘z orqali chizilganini ko‘rdim.
Shuningdek, turli miniatyura asarlarida ham Amir Temurning muhtasham siymosi qayta-qayta ifoda etilgan. Har bir tasvirda jasorat, saltanat va buyuklik mujassam.
Bugun esa biz quvonch bilan guvoh bo‘lyapmizki, Islom sivilizatsiyasi markazida yaratilayotgan Ikkinchi Renessans ekspozitsiyasida aynan shu tarixiy manbalar asosida Amir Temurning birinchi tarixiy qiyofasi aks ettirilmoqda. Bu siymoning ortidan temuriy shahzodalar — Shohrux, Husayn Bayqaro, Bobur kabi buyuk zotlarning hayoti, ijodi, ularga zamondosh olimlar, adiblar, muarrix va muhaddislarning merosi navbat bilan taqdim etiladi.
Bu nafaqat tarixiy haqiqat, balki bugungi avlodga ulug‘ ajdodlarimizni zamonaviy ko'rinishda aks ettirish yo‘lidagi muhim qadamdir."
Ko‘p o‘qilgan

Oʻzbekistonga oid 80 dan ortiq tarixiy artefakt yurtimizga qaytarilishi rejalashtirilmoqda

Islom sivilizatsiyasi markazi Ilmiy kengashining navbatdagi kengaytirilgan yigʻilishi boʻlib oʻtdi

Kaʼbadan-da ulugʻ uy haqida...
