Xalqaro standartlarga mos elektron ekspozitsiya tizimi joriy etiladi

Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi muzey kolleksiyasini raqamlashtirish va xalqaro standartlarga mos elektron ekspozitsiya tizimini joriy etish ishlari qizgʻin olib borilmoqda. Shuningdek, “Islom sivilizatsiyasi markazi muzey ekspozitsiyasi katalogi”ni yaratilib, har bir eksponat QR-kod orqali jonlantirilishi kutilyapti.
Markaz direktori, Ilmiy kengash raisi Firdavs Abduxoliqov boshchiligida oʻtkazilgan navbatdagi Ilmiy kengash yigʻilishi kun tartibida muzey kolleksiyasini raqamlashtirish va xalqaro standartlarga mos elektron ekspozitsiya tizimini joriy etish masalasi muhokama qilindi. “Art Vernissage” MChJ rahbari Shavkat Sultonov Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi muzeyida joylashtirilgan 1600 dan ortiq eksponatlarni xalqaro ISO baholash standartlariga javob beradigan tarzda raqamlashtirish loyihasi haqida batafsil maʼlumot berdi.

Ushbu loyiha doirasida har bir eksponatning ilmiy tavsifi, tarixiy manbasi, oʻlchami, saqlanish holati va badiiy qiymati raqamli bazaga kiritiladi. Har bir asar QR-kod orqali koʻrsatiladigan elektron ekspozitsiya dasturi bilan bogʻlanadi. Bu tizim nafaqat tadqiqotchilar, balki tashrif buyuruvchilar uchun ham har bir eksponat haqida chuqur va aniq maʼlumot olish imkonini yaratadi. Bundan tashqari, “Islom sivilizatsiyasi markazi muzey ekspozitsiyasi katalogi”ni yaratish ishlari ham boshlangan boʻlib, unda barcha eksponatlar yuqori sifatli fotosuratlar, tavsiflar va tarixiy izohlar bilan kiritiladi. Mazkur tashabbus markaz faoliyatida ilmiy shaffoflik, raqamli merosni saqlash va xalqaro axborot almashinuvi tizimini rivojlantirish sari muhim qadam boʻladi, – deydi Shavkat Sultonov.
Ilmiy kengash aʼzolari ushbu loyihani bir ovozdan maʼqulladilar va uni markazning innovatsion taraqqiyot yoʻnalishidagi muhim bosqich deb eʼtirof etdilar.
Ko‘p o‘qilgan
Dunyoning 20 dan ortiq mamlakatidan 100 dan ortiq mutaxassis Toshkentda!
Islom sivilizatsiyasi markazi – maʼrifat sari eltuvchi global platforma
Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi muzeyi yanada boyidi: dunyoning turli burchaklaridan noyob artefaktlar sovgʻa qilindi