Muzey qadimiy eksponatlar va eng noyob artefaktlar bilan boyitilmoqda



 

Olimlar davlatimiz rahbari tashabbusi va hukumatning amaliy koʻmagi bilan xalqaro auksion savdo uylari, kolleksionerlar, mahalliy aholidan madaniy merosimizga oid nodir ashyolar, bebaho durdonalar Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi muzeyiga qaytarilayotganini Oʻzbekiston uchun tarixiy voqea deya baholashmoqda.


Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazining navbatdagi Ilmiy kengash yigʻilishi kun tartibining asosiy yoʻnalishi sifatida Muhtaram Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning joriy yil 20 oktabr kuni markazga tashrifi davomida belgilab bergan muhim topshiriqlar ijrosini samarali taʼminlash masalasi koʻrib chiqildi.


Markaz direktori Firdavs Abduxoliqov davlatimiz rahbarining mazkur tashrif davomidagi topshiriqlari faoliyatning yangi bosqichini boshlab berayotganini taʼkidladi. Shuningdek, har bir vazifa boʻyicha aniq yoʻnalishlar belgilandi, masʼul xodimlar va ijrochi guruhlar shakllantirildi. Har bir xodimdan tashabbus, intilish va ijodiy yondashuvni talab etuvchi yangi ish tizimi yoʻlga qoʻyilayotgani qayd etildi.

 

“Bugungi kun talabidan kelib chiqib, biz markazni nafaqat ilmiy-maʼrifiy maskan, balki doimiy izlanish va kashfiyotlar oʻchogʻiga aylantirishimiz kerak”, 
dedi Markaz rahbari.

 

Yigʻilish davomida Markaz muzeyi fondini boyitish maqsadida xorijdan xarid qilingan qadimiy eksponatlar va eng noyob artefaktlar haqida maʼlumot berildi. Akademik Akbar Hakimov Markaz kolleksiyasiga yaqinda qoʻshilgan "David Aaron", "Mansur Gallery" va "Sam Fogg Gallery" kabi nufuzli xalqaro sanʼat galereyalaridan xarid qilingan asarlarni birma-bir tanishtirib oʻtdi. Har bir eksponatning tarixiy davri, yaratilish makoni, badiiy uslubi hamda noyoblik va saqlanish darajasi haqida alohida toʻxtalib, bu yodgorliklarning islom sivilizatsiyasi tarixini yanada chuqurroq ochib berishdagi ahamiyati haqida fikr bildirdi. 



 

"Markaz muzeyi fondiga qoʻshilayotgan yangi eksponatlar bilan tanishar ekanmiz, avvalo ularning har biri oʻzida butun bir tarixiy davrning ruhi va estetik mezonlarini mujassam etganini taʼkidlashni istardim. Xorijdagi nufuzli galereyalardan xarid qilingan bu asarlar nafaqat badiiy, balki ilmiy va madaniy ahamiyati bilan ham gʻoyat muhimdir. Bu kolleksiya orqali biz islom sivilizatsiyasi tarixining turli bosqichlarini, uning sanʼat va ilm bilan uygʻun ravishda shakllangan madaniy qatlamlarini yanada kengroq yoritish imkoniga ega boʻlamiz. Masalan, “David Aaron” galereyasidan olingan asarlar orasida miloddan avvalgi I mingyillik bronzadan yasalgan bugʻu haykali, miloddan avvalgi II-I asrlarga tegishli buqa boshi tasvirlangan oltin boʻyin taqinchogʻi mavjud boʻlib, ularning badiiy ishlanishida Sharq miniatyura maktabining eng nafis anʼanalari aks etgan" 
deydi Akbar Hakimov.



 

Kengash aʼzolari xorijdan xarid qilingan navbatdagi artefaktlarni Markaz muzeyi ekspozitsiyasiga kiritish masalasini bir ovozdan qoʻllab-quvvatladilar.