AQSh delegatsiyasi Islom sivilizatsiyasi markaziga tashrif buyurdi




Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markaziga AQShning Janubiy va Markaziy Osiyo boʻyicha maxsus vakili Serjio Gor hamda AQSh Davlat kotibining birinchi oʻrinbosari Kristofer Landau boshchiligidagi delegatsiya tashrif buyurdi.


Mehmonlar Markazning faoliyati, uning oʻziga xos milliy arxitekturasi va bunyodkorlik yechimlari bilan yaqindan tanishdilar. Tashrif davomida ular Islom sivilizatsiyasi muzeyi ekspozitsiyasini koʻzdan kechirdilar. Muzeyda namoyish etilgan noyob artefaktlar, qadimiy qoʻlyozmalar va tarixiy osori-atiqalar mehmonlarda katta taassurot uygʻotdi. Ular Oʻzbekistonning madaniy merosni asrab-avaylash, uni jahon miqyosida targʻib etish borasidagi saʼy-harakatlarini yuksak baholab, oʻz hayratlarini yashira olmadilar.








Markaz ekspozitsiyasi zamonaviy ilmiy yondashuv va texnologik yechimlarga asoslangan boʻlib, unda “Sivilizatsiyalar, Shaxslar va Kashfiyotlar” konsepsiyasi asosida Oʻzbekiston zaminida yetishib chiqqan buyuk allomalar, ularning ilmiy merosi va jahon taraqqiyotiga qoʻshgan hissasi keng yoritilgan.


Muxtasar aytganda  AQSh delegatsiyasining ushbu tashrifi ikki mamlakat oʻrtasidagi madaniy-gumanitar aloqalarni yanada mustahkamlash, Oʻzbekistonning boy tarixiy va ilmiy merosini xalqaro miqyosda targʻib etish yoʻlidagi muhim qadamlardan biri boʻldi.