Markaziy Osiyo ilm va madaniyatining zamonaviy elchisi – Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi xorijliklarni lol qoldirmoqda



 

Ozarbayjon, Qozogʻiston va Rossiyadan yurtimizga tashrif buyurgan davlat xizmati xodimlari “Euronews” telekanalining Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markaziga bagʻishlangan lavhasini koʻrib, bu maskanni oʻz koʻzlari bilan koʻrish uchun tashrif buyurishdi. Hali pardozlash va jihozlash jarayonlari yakuniga yetmagan boʻlsa-da, tashrif davomida koʻrganlaridan xalqaro mehmonlar hayratda ekanligini bildirishdi.

 

Davlat bojxona qoʻmitasi Bojxona instituti tashabbusi bilan poytaxtimizda oʻtkazilgan xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya doirasida xorijiy delegatsiya aʼzolari — Ozarbayjon, Qozogʻiston va Rossiyadan kelgan bojxona xizmatlari vakillari — Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markaziga tashrif buyurdilar.



 

Bojxona instituti rektori Mirʼazam Xamrayev taʼkidlaganidek, mehmonlar “Euronews” telekanalining Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markaziga bagʻishlangan lavhasini koʻrib, bu maskanni oʻz koʻzlari bilan koʻrishga katta qiziqish bildirgan. Shu sababli delegatsiya uchun alohida tashrif tashkil etildi.



 

Ozarbayjon Bojxona akademiyasi rektori Gulu Novruzov markaz haqidagi taassurotini shunday ifoda etdi:

 

“Bu markaz nafaqat Oʻzbekiston, balki butun Turkiston mintaqasining ilm, madaniyat va sivilizatsiya boyligini namoyon etadi. Islomdan avvalgi davrga oid arxeologik topilmalar, ayniqsa, qadimiy toʻqimachilik namunalari menda katta taassurot qoldirdi. Bu maskan bizning umumiy tariximizning bir boʻlagidir”.




Qozogʻiston Davlat daromadlari qoʻmitasi vakili Janat Shaimov taʼkidladi:

 

“Bu yerdagi ekspozitsiyalar goʻyo jonlangan tarix. Biz islomdan avvalgi davrdan to ikkinchi Renessansgacha boʻlgan jarayonlarni koʻz oldimizda koʻrdik. Bu bunyod etilgan markaz — Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning tashabbusi bilan amalga oshgan ulkan madaniy yutuqdir”.



 

Rossiya Bojxona akademiyasi ilmiy-tadqiqot instituti rahbari oʻrinbosari Yuriy Somov esa quyidagicha fikr bildirdi:

 

“Meni eng hayratga solgani — asl, qadimiy buyumlar va ularni zamonaviy raqamli texnologiyalar bilan uygʻunlashtirish. Interaktiv ekspozitsiyalar insonni oʻtmishga goʻyo “tashlab yuboradi”. Bu — faqat taʼlim emas, haqiqiy tajriba!”.

 

Tashrif yakunida xorijiy mehmonlar Markaz jamoasiga samimiy minnatdorlik bildirdi.


Ular bu maskan nafaqat Oʻzbekiston, balki butun mintaqa xalqlarini birlashtiruvchi ilmiy-maʼnaviy koʻprik ekanini taʼkidlab, bunday tashriflar xalqlar oʻrtasidagi hamkorlik va doʻstlikni yanada mustahkamlashini qayd etdilar.