Oʻzbekistonda ilk bor Boburiylarning tarixiy miniatyuralari asl nusxalari namoyish etiladi
🔴 Britaniya muzeylarida saqlanayotgan miniatyura sirlari ochiladi
Boburiylar davri Hindiston oʻlkasi tarixidagi eng yorqin davrlardan biriga aylandi. Bu sulola mamlakatni 333 yil davomida, Britaniya bosqiniga qadar – 1858 yilgacha boshqargan. Boburiylar temuriylar madaniyatini Hindistonga olib kelib, uni mahalliy qadriyatlar, urf-odatlar va anʼanalar bilan mohirona uygʻunlashtirib boyitgan.
Boburiylar davri tasviriy sanʼatida mahalliy madaniyat va temuriylar anʼanalari yutuqlarining oʻziga xos uygʻunligini koʻrish mumkin. Sulolaning Bobur, Humoyun, Akbar, Jahongir, Shoh Jahon, Avrangzeb kabi vakillari mamlakatda ilm-fan, sanʼat va madaniyat rivojiga katta hissa qoʻshgan.

Umuman olganda, XV-XVI asrlarda Hindistonda mahalliy hind va Movarounnahr tasviriy sanʼatini oʻzida jamlagan yangi miniatyura maktabi vujudga keldi. Portret miniatyura janri sifatida tasviriy sanʼatda munosib oʻringa ega boʻlib, nafaqat badiiy hayotda alohida ahamiyat kasb etdi, balki davlat siyosatining prinsipial muhim tarkibiy qismiga aylandi. Buning bir qancha sabablari bor edi.
Birinchidan, Hindistondagi temuriylar sulolasining vakillari boʻlgan deyarli barcha boburiy hukmdorlar temuriylar madaniyatining qonuniy davomchilari hisoblangan. Temuriylar anʼanalariga muvofiq, boburiy hukmdorlar sanʼatga alohida mehr koʻrsatib, kitob ustaxonalariga va rassomlarga katta eʼtibor qaratganlar. Ular suratlardagi obrazlari keyingi avlodlarga yetib borishini istaganlar, bu esa oʻz navbatida XVI-XVII asrlarda boburiylar miniatyura sanʼati va portret janrining rivojlanishiga katta taʼsir koʻrsatdi.
Boburiy hukmdorlar buyuk musavvir Kamoliddin Behzod ijodini yuqori baholaganlar. Uning suratlarini asrab-avaylaganlar. Saroy miniatyurachilari bu suratlardan nusxalar koʻchirganlar, Behzod ijodidan portret-suratlar chizish mahoratini oʻzlashtirganlar.
Boburiylar portret sanʼati maktabi Eron va Movarounnahr portret janri maktablaridan oʻzib ketishga muvaffaq boʻldi. Chunki, Boburiy hukmdorlarning portretchi rassomlar oldiga qoʻygan eng muhim talabi tasvirlangan qahramonning tashqi koʻrinishi yuqori darajada oʻxshash boʻlishi kerakligi edi. Ushbu talabni bajarish uchun eng isteʼdodli saroy portretchi musavvirlariga hukmdorlarga harbiy yurishlarda, turli marosimlarda hamrohlik qilish huquqi berilgan boʻlib, u yerda ular hukmdorni kuzatishi va uning portretini yaratishda oʻz kuzatishlari natijalaridan foydalanishlari mumkin edi. Rassomlar hatto xorijiy mamlakatlarning nufuzli hukmdorlari portretlarini chizish uchun diplomatik vakolatxonalar tarkibiga ham kiritilgan. Shu bois, boburiylar saroyida ishlangan portretlar orasida Eron, Markaziy Osiyo, Usmoniylar hukmdorlari va hatto Yevropa vakillari suratlarini ham koʻrish mumkin edi.
Barcha avlodlar oʻz sulolasining asoschisi – Boburga katta hurmat va ehtirom koʻrsatishgan va uning portretlarini oʻsha davrda yaratilgan qoʻlyozma kitoblarga kiritishgan. Boburning hayotlik davrida yaratilgan portret obrazlari bor yoki yoʻqligi hozirgacha nomaʼlum. Uning qizil salla oʻragan holda bogʻda kitob oʻqiyotgani aks ettirilgan mashhur miniatyurasi keyingi davrlarda koʻplab tasviriy sanʼat asarlariga asos boʻldi. Hozirda ushbu miniatyura Londondagi Britaniya kutubxonasida saqlanadi.

Ushbu portret XVII asrning birinchi choragida, Boburning nabirasi Jahongir hukmronligi davrida yaratilgan boʻlib, unda Bobur bogʻda ariq boʻyida oʻtirgan holda tasvirlangan. U poyabzalini yechib, oyoqlarini bir-birining ustiga chalishtirgan holda kitob oʻqib oʻtiribdi. Shohning choponida bir nechta bugʻu surati tasvirlangan. Boburning boshida sariq chiziqli salla boʻlib, tojiga hukmronlik va asilzodalik ramzi boʻlgan ukpar taqilgan.
Boburning yana bir portreti, uning nabirasi Shoh Jahon davrida, 1630 yilda chizilgan, deb taxmin qilinadi. Ushbu portret Londonning Viktoriya va Albert muzeyida saqlanadi. Miniatyura muraqqaʼ sahifasiga joylashtirilgan, sahifa hoshiyasidagi yozuv tasvirdagi shaxs Bobur ekanligini bildiradi, orqa tomonida esa Shoh Jahonning oʻgʻli Doroshukuhning dastxati tushirilgan.

Turli davrlarda “Boburnoma” qoʻlyozmasi nusxalarida Boburning har xil vaziyatlarda tasvirlangan rasmlari uchraydi. Bobur kundalik hayotda, saroy ziyofatlarida, ovda, harbiy yurishlarda, Hindistonning eng goʻzal tabiati bagʻrida oddiy inson hayotining quvonchlari begona boʻlmagan buyuk sarkarda, hukmdor sifatida aks ettirilgan.
Boburiylar rassomlik ustaxonasining bizgacha yetib kelgan birinchi portretlari Xuroson, Eron va Movarounnahr rassomlari tomonidan chizilgan. Ular 1540–1550 yillarda Kobulda shoh Humoyun xizmatiga kirganlar, soʻng ulardan baʼzilari unga ergashib Dehliga kelishgan.
Portretchi rassomlarning maʼlum bir tarixiy shaxsni tasvirlashga intilishi Boburning nabirasi Akbar (1556–1605) davrida shakllangan. Parchalanib yotgan Hindiston hayotida Akbarning ulkan rol oʻynashi uning taqdiriga yozilgandi. U hayotiy muhim islohotlarni amalga oshirib, kichik knyazliklar va mustaqil viloyatlarni oʻz qoʻmondonligi ostida birlashtirib, hatto vafotidan keyin ham bir asr davomida shunday qudratli davlatligicha saqlanib qolgan markazlashgan davlat yaratishga muvaffaq boʻldi.

Akbar temuriy ajdodlaridan nafaqat jasur sarkarda va atoqli davlat arbobi, balki maʼrifatparvar podsholik fazilatlarini ham meros qilib olgandi. U falsafa va adabiyotni chuqur bilgan, oʻzi sheʼrlar yozgan, musiqaga qiziqqan va yoshligida rassomlikdan saboq olgan. Podshoh Akbar davrida koʻplab saroy ustaxonalari ochilib, ularda Hindiston, Eron va Oʻrta Osiyoning turli burchaklaridan taklif qilingan oʻymakorlar, temirchilar, toʻquvchilar, rassomlar va zargarlar faoliyat yuritgan. Tasviriy sanʼatga alohida eʼtibor qaratilgan, chunki badiiy asarlarda Akbarning siyosiy qarashlari ham oʻz aksini topgan.
Jahongir hokimiyat tepasiga kelganidan keyin (1605–1627) Boburiylar portret sanʼati yanada rivojlandi, bu davrda avvalgilaridan farqli oʻlaroq, rassomlarning individual uslubiga alohida eʼtibor berila boshlandi. Ular miniatyuralar hoshiyalarida oʻzlarining imzolarini va rasmlarida aks ettirilgan shaxslarning ismlarini koʻrsata boshladilar.
Jahongir Shoh hukmronligi davrida portret janri boburiylar tasviriy sanʼatining yetakchi yoʻnalishiga aylandi. Jahongir Shohning saroy galereyasida Hoshim, Govardxon, Abulhasan, Davlat, Bichitr, Bishan Das va boshqa koʻplab buyuk portretchi rassomlar ishlagan. Jahongir tasviriy sanʼatni shu qadar chuqur bilganki, Bobur saroyidagi har qanday rassomning asarlarini bemalol aniqlay olardi.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti tashabbusi bilan bunyod etilgan Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi ekspozitsiyalarida Boburiylar davri madaniy merosi, xususan miniatyura sanʼati namunalari bilan tanishish mumkin. XVII-XIX arslarda yaratilgan ushbu miniatyuralarda sulolaning koʻplab vakillari, saroy mulozimlari, madaniyat va sanʼat namoyandalari tasvirlangan boʻlib, Oʻzbekiston tarixida ilk bor boburiylarga oid miniatyuralarning asl nusxalarini yurtimizda namoyish etilmoqda.
Rustam Jabborov
P/S :Maqoladan markaz rasmiy sayti havolasini koʻrsatgan holda foydalanish mumkin.
Ko‘p o‘qilgan
Dunyoning 20 dan ortiq mamlakatidan 100 dan ortiq mutaxassis Toshkentda!
Islom sivilizatsiyasi markazi – maʼrifat sari eltuvchi global platforma
Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi muzeyi yanada boyidi: dunyoning turli burchaklaridan noyob artefaktlar sovgʻa qilindi