Beruniyning yoʻqolgan globusi qayta tiklanmoqda

🔴Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazida olamshumul kashfiyotni oʻz koʻzingiz bilan koʻrasiz




Oʻzbekiston Fanlar akademiyasi vitse-prezidenti, professor Bahrom Abduhalimov Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazida olib borilayotgan ishlar, muzey Birinchi Renessans boʻlimida namoyish etilishi kutilayotgan olamshumul kashfiyot va uning ahamiyati  haqida maʼlumot berdi:

 

Muhtaram Prezidentimizning tashabbuslari bilan Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi oʻzining yakuniy bosqichiga kirib boryapti. Aytishimiz mumkinki, muhtaram Prezidentimiz avvalambor buni tashabbus qildilar va qolaversa, boshidan shu paytgacha uni boshqarib, kerakli tavsiyalarni berib oʻtdilar. Koʻplab Islom sivilizatsiyasi markazining keyingi faoliyatiga bogʻliq boʻlgan, uni yakunlanishi bilan bogʻliq boʻlgan oʻzlarining fikrlarini va tavsiyalarini aytib oʻtdilarki, bu fikrlar albatta mana shu Islom sivilizatsiyasi markazini yanada takomillashtirishga soʻzsiz xizmat qiladi.

 

Endi Islom sivilizatsiyasi markazi avvalambor aytib oʻtish kerakki, Oʻzbekistonning tarixi juda boy boʻlishiga qaramasdan, shu paytgacha uni Oʻzbekistonda yetarli darajada koʻrsatish imkoniyati yoʻq edi. Toʻgʻri, arxeologik yodgorliklarimiz, arxitekturamiz, qoʻlyozma asarlarimiz bor. Lekin afsuski, ularni yakdil qilib bitta konsepsiyaga joylashtiradigan biror bir majmua yoʻq edi. Prezidentimizning Birlashgan Millatlar Tashkilotining yuqori minbaridan aytgan fikrlaridan asosiy gʻoya shundan iborat ediki, avvalambor islom dinining tinchliksevar, shu bilan bir qatorda uning bagʻrikenglik mohiyatini, ijobiy xislatlarini barchasini koʻrsatadigan boʻlsak, ikkinchi tarafdan shu bilan bir qatorda bunga qoʻshgan hissasini koʻrish maqsad qilingan edi.

 

Hozirgi bosqichda qaraydigan boʻlsak, markaz oʻzining oldiga qoʻygan maqsadlariga deyarli erishdi. Oʻzbekistonning 3000 yillik tarixini qamrab oluvchi qadimiy davrdan bugungi kungacha boʻlgan ekspozitsiya yaratildi va eng noyob artefaktlar bilan boyitildi. 


Biz bilamiz, Oʻzbekistonning tarixida ana shunday noyob artefaktlarimiz oʻz paytida xorijga turli yoʻllar bilan chiqib ketgan. Mana, birinchi marta Prezidentimizning tashabbuslari bilan ana shunday noyob artefaktlarimiz Oʻzbekistonga qaytarilib, Islom sivilizatsiyasi markazida har bir boʻlimda juda muhim gʻoyalar oʻz ifodasini topdi.  Birinchi Renessans boʻlimida koʻplab diniy ulamolar, aniq va tabiiy fanlardagi allomalarning kashfiyotlari bor. Jumladan, bittasi  Abu Rayhon Beruniyning globusi. Biz bilamiz, Abu Rayhon Beruniy oʻz paytida globus yaratgan, lekin u bizgacha yetib kelmagan. Shu bilan bir qatorda Abu Rayhon Beruniyning asarlarida mana shu globusning koordinatalari saqlangan. Biz hozir xorijiy hamkorlar bilan birgalikda bu globusni tikladik. Abu Rayhon Beruniy oʻzining asarlarida 600 ta oʻz davridagi shaharning koordinatasini bergan boʻlsa, ulardan 150 tasini joylashtiryapmiz. Abu Rayhon Beruniyning bizgacha yetib kelmagan globusini tiklash imkoniyatiga ega boʻldik.

 

Bunga oʻxshagan misollarni juda ham koʻp keltirish mumkin. Bir soʻz bilan aytish kerakki, mana shu tashkil etilgan Islom sivilizatsiyasi markazi oʻzining mohiyatiga koʻra dunyodagi yagona, analogi yoʻq. Tabiiyki, bu yerga tashrif buyurganlar avvalambor oʻzimizning xalqimiz, yoshlarimiz Oʻzbekistonning buyuk tarixga ega ekanligidan gʻururlanadilar, shu gʻoyalar asosida tarbiya topadilar va kelajakda ham shunga intiladilar.