35 ming kitob, Turkiya prezidenti sovgʻasi va qadimiy qoʻlyozmalar: Islom sivilizatsiyasi markazi kutubxonasida qanday xazinalarni koʻrish mumkin?



 

Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi kutubxonasi  fondida 35 mingga yaqin kitob joylashtirilgan boʻlib, ular orasida xorijdan sovgʻa qilingan asarlar va faksimile nusxalar ham mavjud.




Markazning Kutubxona va arxiv hujjatlari boʻlimi bosh mutaxassisi Mavluda Karimova bu bebaho merosni asrab-avaylash hamda uni tadqiqotchilar uchun ochiq manba sifatida taqdim etish yoʻlida olib borilayotgan ishlar haqida maʼlumot berdi:

 

— Islom merosi jamgʻarmasi – “Al-Furqon” fondidan bizga katta hajmdagi kitoblar kolleksiyasi keltirilgan. Ushbu kitoblarda qoʻlyozmalar haqida zarur maʼlumotlar jamlangan. Shuningdek, Quddusdan, Misr kutubxonalari va arxivlaridan keltirilgan manbalar ham mavjud.

 

Bundan tashqari, Erondan keltirilgan 45 tomlik “Eron qoʻlyozmalar katalogi” kutubxona fondidan oʻrin olgan. Mazkur katalog 100 yil mobaynida tuzilgan boʻlib, 300 dan ortiq qoʻlyozmalar roʻyxatga olingan. Eng qizigʻi, bu qoʻlyozmalar orasida Oʻzbekiston zaminiga taalluqli asarlar, yaʼni bizning allomalarimiz tomonidan yozilgan qoʻlyozmalar ham mavjudligi qayd etilgan.

 

Shuningdek, kutubxonaga xorijdan keltirilgan faksimile kitoblar, qadimiy va noyob asarlarning nusxalari ham joylashtirilgan. Bu yerda hatto Turkiya Prezidenti Rajab Toyyib Erdogʻan tomonidan tuhfa etilgan faksimile kitoblar ham bor.

 

Hozirda kutubxonadagi ish jarayonlari hali yakuniga yetmagan. Endilikda kutubxonaga hadya qilingan Sharq va Gʻarb kolleksiyasi, qadimiy va noyob asarlar jamlanmasini joylashtirish rejalashtirilgan.

 

Ayni paytda kitoblarning xavfsizligini taʼminlash boʻyicha ishlar olib borilmoqda. Xususan, RFID texnologiyasi asosida chip oʻrnatish ishlari jadallik bilan davom etmoqda. Boʻsh javonlarga esa Yevropadan keltirilgan nodir kolleksiya kitoblarini joylashtirish rejalashtirilgan.

 

Islom sivilizatsiyasi markazi kutubxonasi — bu ilm va tafakkur xazinasi, oʻzida Sharq va Gʻarb madaniyatining eng yaxshi namunalarini mujassam etgan muassasadir. U nafaqat oʻzbek xalqining ilmiy merosini saqlaydi, balki uni jahon ilmiy jamoatchiligiga tanitishda ham muhim rol oʻynaydi.