O‘zbekistondagi megaloyiha kutubxonasi uchun zamonaviy konsepsiya shakllantirilmoqda

O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazida tashkil etiladigan kutubxona nafaqat kitoblar to‘plami, balki intellektual muhit, elektron tizimlar va zamonaviy qulayliklarni o‘zida mujassam etgan ilmiy maskan bo‘lishi ko‘zda tutilmoqda. Shu munosabat bilan kutubxona dizayni va intereriga bag‘ishlangan muhokama o‘tkazildi.


Muhokamada Markaz direktorining birinchi o‘rinbosari Firdavs Halimov, Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Milliy kutubxonasi direktori Umida Teshaboyeva va sohaning yetakchi mutaxassislari ishtirok etishdi. Kutubxonada kitobxonlar uchun smart garderoblar, kompyuterlashtirilgan elektron tizim va qulay ishchi o‘rinlar yaratilishi rejalashtirilgan.


Texnik jihozlash, moddiy baza, intereri va xizmat sifatini ta’minlash masalalari alohida muhokama qilindi. Shuningdek, qurilish ishlarida kutubxona sohasi mutaxassislari bilan yaqin hamkorlikda ish olib borilayotgani ta’kidlandi.


Hozirda kutubxona bo‘limida 26 ta ilmiy-innovatsion loyiha ustida ish olib borilmoqda. Yangi binoda bir vaqtning o‘zida 226 nafar kitobxonga xizmat ko‘rsata oladigan, 125 mingga yaqin kitob fondiga ega elektron kutubxona tizimi yaratilishi ko‘zda tutilgan.