Tarixiy va maʼnaviy merosimizni davlat tilida namoyish etish dolzarb vazifa
Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazida muzey ekspozitsiyalarida davlat tili meʼyorlariga qatʼiy rioya qilish, artefaktlar va eksponatlar haqidagi maʼlumotlarni oʻzbek adabiy tilida ravon va xatosiz taqdim etish masalalari muhokama qilindi.

Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazida 21 oktabr – Oʻzbek tiliga davlat tili maqomi berilganining 36 yilligi munosabati bilan tadbir tashkil etildi. Tadbirda davlat tilining yurtimizda qonuniy maqomi, uning tarixiy ahamiyati hamda millat ramzi sifatida oʻzbek tilining jamiyatdagi oʻrni haqida fikrlar bildirildi.
Joriy yilning 20 oktabrida davlat rahbari markazga tashrifi davomida davlat tilining mavqeini oshirish hamda markazda xalqimizning boy tarixiy va maʼnaviy merosini davlat tilida keng namoyish etish boʻyicha bergan muhim topshiriqlari haqida maʼlumot berildi.
Til — bu faqat aloqa vositasi emas, u millatning tafakkuri, ruhiy olami va maʼnaviy qiyofasidir. Shu bois, Islom sivilizatsiyasi markazi sifatida biz oʻz faoliyatimizda davlat tilining nufuzini oshirish, har bir yozuv, har bir ilmiy materialda oʻzbek tilidan toʻgʻri va ravon foydalanish masalasiga alohida eʼtibor qaratmoqdamiz, - dedi Markaz direktori Firdavs Abduxoliqov.

Tadbirda Prezident tashrifi chogʻida berilgan ushbu topshiriqlar ijrosini taʼminlash boʻyicha amaliy koʻrsatmalar berilib, markaz ekspozitsiyalarida davlat tili meʼyorlariga qatʼiy rioya qilish, ar-tefaktlar va eksponatlar haqidagi maʼlumotlarni oʻzbek adabiy tilida ravon va xatosiz taqdim etish masalalari muhokama qilindi.
Shuningdek, markazda tayyorlanayotgan maʼlumotlar, hujjatli filmlar va taqdimotlarning avvalo oʻzbek tilida ishlab chiqilishi, soʻngra xalqaro mehmonlar uchun boshqa tillarga tarjima qilinishi davlat tilining nufuzini oshirishga xizmat qilishi taʼkidlandi.
Tadbir davomida 1989 yil 21 oktabrda oʻzbek tiliga davlat tili maqomi berilishi yurtimiz tarixidagi muhim voqea ekanligi eslatildi. Ushbu qaror til siyosati va qonunchilikda mustahkamlanib, oʻzbek tilining jamiyat hayotidagi oʻrnini yanada mustahkamlanib borayotgani taʼkidlandi.
Tadbirda markaz faoliyatida til madaniyatini rivojlantirish hamda mamlakatimizning maʼnaviy qiyofasini yanada yorqin aks ettirishga qaratilgan saʼy-harakatlarni davom ettirish zarurligi taʼkidlandi.
Ko‘p o‘qilgan
Dunyoning 20 dan ortiq mamlakatidan 100 dan ortiq mutaxassis Toshkentda!
Islom sivilizatsiyasi markazi – maʼrifat sari eltuvchi global platforma
Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi muzeyi yanada boyidi: dunyoning turli burchaklaridan noyob artefaktlar sovgʻa qilindi