40 asrlik soʻzlar, 36 yillik davlat tili: oʻzbek tilining tarixiy sayohati

Olimlarimizning aytishicha, oʻzbek tilining ilk ildizlari eramizdan avvalgi mingyilliklarga borib taqaladi. Ayrim turkolog olimlar dunyodagi eng qadimiy yozma manbalardan biri boʻlgan, qadimgi shumer tilida bitilgan “Gilgamesh” dostonini tahlil qilishganida unda turkiy tillar, jumladan, bugungi oʻzbek tilida ham faol qoʻllanib kelayotgan 300 ga yaqin soʻz va soʻz birikmalarini aniqlashgan. Qarangki, hozirgi tilimizdagi “oz”, “yoz”, “er”, “qiz”, “buz”, “qush”, “qosh” singari soʻzlar bundan 30-40 asr ilgari ham hozirgidek koʻrinishda boʻlgan ekan. 




Daniyalik olim Vilgelm Tomsen 1890 yillarda hozirgi Moʻgʻuliston hududidan topgan ulkan xarsangtoshlar sirtidagi bitiklar avvaliga turli bahs-munozaralarga sabab boʻlgandi. Keyin ular turkiy xalqlarning hozirgacha aniqlangan eng qadimiy yodgorliklari “Oʻrxun bitiklari” nomi bilan dunyoga dong taratadi. Bu bitiklar 680–745 yillar orasida, Turk hoqonligining “oltin” davrida runiy alifbosida, eski turkiy (koʻkturk) tilda bitilgani aniqlandi. “Kultigin”, “Bilga Hoqon” va “Toʻnyuquq” bitiktoshlaridan iborat bu obidalar Yer yuzidagi barcha turkiy tillarning eng nodir namunasi boʻlsa-da, bu bitiklar uslubi, jozibasi, tiniqligi oʻzbek tili uchun ham xosligi aniq koʻrinadi. “Bilga hoqon bitigi”dagi “hoqonligʻ budun (el)  erdim, hoqonim qani?” singari iboralar tilimizning eski koʻkturk tiliga qanchalik hamohang ekanini koʻrsatadi. 



 

Tarixiy manbalarning isbotlashicha...


Eski oʻzbek tili tarixda bugungidan ham kengroq miqyosda ishlatilganini bir qator tarixiy manbalar isbotlaydi. Bu til Sharqda Xitoyning markaziy qismidan tortib, gʻarbda Litva knyazligiga qadar, shimolda Oltin Oʻrdadan janubda to Misrga qadar ulkan hududda muomalada boʻlgan. 


Xitoyning Sin imperiyasi (1644-1911) davrida Xebey viloyati hududida qurilgan Yozgi togʻ saroyining darvozasida xitoy, moʻgʻul, manchjur, chigʻatoy (eski oʻzbek) va tibet tillaridagi bitiklar uchraydi. Asosiy darvoza tepasida sof turkiy tilda, nastaʼliq xatida bitilgan “Ravshan: oʻrtadagi darvoza” deb yozib qoʻyilgan. Olimlarning aytishicha, eski oʻzbek tili Sin imperiyasi davrida ishlatilgan beshta muhim tildan biri boʻlgan. 

 

Misrda topilgan qadimiy devon


2012 yilda Misr Milliy kutubxonasida Alisher Navoiyning oʻgʻuz lahjasida bitilgan qadimiy devoni topilgan. Bu Ehromlar yurtidan topilgan ilk turkiy manba emas. Maʼlumotlarga koʻra, buyuk oʻzbek shoiri Sayfi Saroyi umrining oxiriga qadar Misrda yashagan, shu yerda oʻzining oʻzbek tilidagi bir qator sheʼru dostonlarini yaratgan edi: 


Oʻsib tuprogʻim uzra nayzalar, men evdin ayrildim,
Vatandin benishon oʻldim-da, oʻzga yurtga evrildim.


Bir paytlar turkiy adabiyotning yorqin vakili Yusuf Xos Hojibning “Qutadgʻu bilig” dostoni ham aynan shu yerdan — Qohira kutubxonasi yertoʻlasidan topilgan. Qolaversa, bugungi kunda Qohira markazida Oʻzbekiya deb ataladigan tarixiy mahalla, shu nom bilan ataladigan koʻcha, masjid, teatr va bogʻ ham bor. 

 

Amir Temurning maxsus koʻrsatmasi


Amir Temur saltanati (1370-1405) davrida Buyuk sohibqiron asosiy farmon va qarorlarni, kelgusi avlod uchun yaratilgan toshbitiklarni ham eski oʻzbek tilida bitishga koʻrsatma bergan, “Temur tuzuklari”ning ilk nusxasi ham ona tilimizda bitilgan edi. 


Amir Temur tomonidan 1391 yil Oltin Oʻrda xoni Toʻxtamishga qarshi yurish qilgan chogʻida hozirgi Qozogʻistonning Qaragʻanda viloyati hududidagi Ulugʻtogʻ etaklarida toshda bitib qoldirilgan ushbu bitiklar Sohibqiron davrida tilimiz qanchalik tiniq va jozibali boʻlganini koʻrsatadi:

 

“Tarix yetti yuz toʻqson uchinda, qoʻy yili yoz oyi orasi Turonning sultoni Temurbek uch yuz ming cherik bila islom uchun Toʻxtamishxon — Bulgʻor xonigʻa qarshi yurdi. Bu yerga yetib, belgi boʻlsun deb bu oʻbani qoʻpordi. Tangri nusrat bergay, inshooloh. Tangri el kishiga rahmat qilgʻay, bizni duo bila yod qilgʻay”. 

 

Oʻz tili qolib oʻzga tilni afzal bilganlar 


Nazm mulkining sultoni Mir Alisher Navoiyning oʻzbek tili taraqqiyotida qoʻshgan ulkan hissasi haqida har qancha gapirsak oz. 


Turk nazmida chu men tortib alam,
Ayladim ul mamlakatni yakqalam, 


- deganda buyuk shoir tilimizning oʻz davrida nufuzi, obroʻ-eʼtiborini yuksaltirishga juda katta hissa qoʻshganini haqli ravishda eʼtirof etgan edi.  U oʻzining boy merosi bilan turkiy tilning boshqa tillardan ustun jihatlarini ham amalda koʻrsatib berdi. Navoiy “Muhokamatul-lugʻatayn” asarida turkiy tilning afzal jihatlariga urgʻu berib, oʻzga tilni afzal bilgan shoiru fozillar haqida taassuf bilan shunday degan edi: 

 

“Bu xalq orasidin paydo boʻlgʻon tabʼ ahli salohiyat va tabʼlarin oʻz tillari turgʻoch, oʻzga til bila zohir qilmasa erdi va ishga buyurmasalar erdi. Va agar ikkalasi til bila aytur qobiliyatlari boʻlsa, oʻz tillari bila koʻprak aytsalar erdi, va yana bir til bila ozroq aytsalar erdi...”.


Taassufki, oʻsha davrlarda ham tilimizning buyukligi va boyligi, goʻzal va betakrorligini toʻla anglamagan, uning qadriga yetmagan insonlar boʻlgan. 

 

50 million kishini birlashtirgan til


Bugun quvonch bilan taʼkidlay olamizki, oʻzbek tili oʻzining qaddini koʻtarmoqda. Yer yuzidagi yetti mingga yaqin til ichida oʻzbek tilining oʻz oʻrni, nufuzi va eʼtibori borligi barchamizni quvontiradi. 


Bizning ona tilimiz mansub boʻlgan turkiy tillar oilasiga 30 dan ortiq tillar kiradi va ularda Yer yuzida 250 milliondan ortiq kishi soʻzlashadi. Dunyo miqyosida oʻzbek tilida gaplashuvchilarning umumiy soni 50 millionga yetadi. 


Oʻzbek tili davlat tili maqomiga ega boʻlgan 100 ga yaqin tillarning biri ekani ham qalbimizda faxru gʻurur uygʻotadi. Agar dunyoda 7000 ga yaqin til va lahjalar mavjudligini eʼtiborga olsak, bu yomon koʻrsatkich emas. Holbuki, dunyoda davlat tili maqomiga ega boʻlmagan, ammo yuz millionlab kishilar soʻzlashadigan tillar ham bor. 
2019 yil 21 oktabr kuni Davlatimiz rahbari “Oʻzbek tilining davlat tili sifatidagi nufuzi va mavqeini tubdan oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi farmonni imzoladi. Unga binoan “Davlat tili haqida”gi qonun qabul qilingan kunning ulkan tarixiy oʻrni va ahamiyatidan kelib chiqqan holda, 21 oktabr sanasi yurtimizda “Oʻzbek tili bayrami kuni” deb belgilandi. Bu yil oʻzbek tiliga davlat tili maqomi berilganiga 36 yil toʻldi. 
    
Rasul Hamzatov ham orzusi


Bir paytlar Dogʻistonning buyuk farzandi Rasul Hamzatov oʻz ona tili haqida yozarkan:


Jahon minbaridan yangramasa ham,
Ona tilim menga muqaddas buyuk, 


— degan edi. Ne baxtki, bizning ona tilimiz jahon minbaridan ham jarang sochdi. Binobarin bugungi kunda har bir oʻzbek Rasul Hamzatov ham orzu qilgan sharafga erisha oldi, deyish mumkin.

 

Fuqarolik majburiyati


Davlat tili uning barcha ramzlari kabi muqaddas sanaladi. Yaqinda kuchga kirgan yangi tartibga koʻra, Oʻzbekiston Respublikasi fuqaroligini olishni istagan shaxs davlat tilini lozim darajada bilishi kerakligi belgilab qoʻyildi. Bunday tartib dunyoning koʻplab davlatlarida joriy qilingan. Qoʻshni va qardosh xalqlarning davlat tili haqidagi qonun hujjatlarida ham har bir fuqaro uchun davlat tilini bilish shart qilib belgilangan. Shunday ekan, oʻzini shu tuproqqa daxldor deb bilgan har bir inson davlat tilini hurmat qilishi, bu boradagi qonun hujjatlariga rioya etishi kerak boʻladi. 



 

Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazida nima gap?


Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi tomonidan ham  xalqimizning bir necha ming yillik tarixi, madaniyati, boy maʼnaviy merosini saqlash va ommalashtirish boʻyicha keng qamrovli ishlar olib borilmoqda. Ayni paytda mazkur muassasada oʻzbek tilida yaratilgan betakror adabiy yodgorliklar, Lutfiy, Alisher Navoiy, Zahiriddin Muhammad Bobur, Boborahim Mashrab, Turdi Farogʻiy, Muhammad Rizo Ogahiy va boshqa mutafakkirlarning nodir qoʻlyozmalari saqlanmoqda. Shuningdek, markaz ilmiy-innovatsion loyihalari doirasida tilimizning tarixi, tadriji va taraqqiyoti bilan bogʻliq tadqiqotlar olib borilmoqda.

 

 

Durdona Rasulova

P/S:Maqolani markaz rasmiy saytiga havola bilan koʻchirib eʼlon qilish mumkin