Belgiyalik olim: “Boy tarixingiz bilan yaqindan tanishish men uchun katta sharaf”

 



Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi hali rasman ochilmagan boʻlsa-da, yurtimizga tashrif buyurayotgan nufuzli mehmonlar, xalqaro tadbirlar qatnashchilari tomonidan ulkan tashabbus sifatida eʼtirof etilmoqda. 

 

Xususan, Oʻzbekiston Dermatologiya Assotsiatsiyasi tomonidan tashkil etilgan xalqaro konferensiya qatnashchilari ham Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan bunyod etilgan, ayni paytda pardozlash va bezak ishlarining yakuniy bosqichi amalga oshirilayotgan jarayonlar bilan tanishish uchun tashrif buyurishdi. 



 

Xalqaro konferensiya qatnashchisi, belgiyalik professor Mila Balabanova Islom sivilizatsiyasi markazida ayni paytda amalga oshirilayotgan yakuniy bosqich jarayonlari bilan tanishgach, taassurotlari haqida gapirib berdi:

 

"Yaqin oylarda ochilishi kutilayotgan bu Markaz bugungi kunda dunyodagi eng hayratlanarli madaniy majmualardan biri boʻlishi shubhasiz. Ayniqsa, Buyuk Ipak yoʻli madaniyatining butun insoniyat tarixidagi oʻrni bu yerda juda chuqur ochib berilgan", — deydi Mila Balabanova.



 

“Oʻtgan yili bu majmua hali qurilish jarayonida edi va men uni bir kun albatta koʻrishni orzu qilgandim. Bugun esa pardozlash va bezak ishlari ham yakuniy bosqichda ekanligini koʻrib guvogʻ boʻldimki, Markaz men kutganimdan ham goʻzal, yanada taʼsirli boʻladi. Bu yerda har bir detal, bezak va eksponat katta mehnat, bilim va mehr bilan yaratilgani seziladi. Ilmiy jamoaning fidokorona ishlari orqali tarix, madaniyat va sanʼat uygʻun bir butunlikda aks etgan. Boy tarixingiz bilan shu tarzda yaqindan tanishish men uchun katta sharaf.”

 

Professorning taʼkidlashicha, markaz nafaqat oʻtmishni eslatadi, balki kelajak avlodni ham ilhomlantiradi.

 

“Bu maskan bolalar taʼlimi, xalq tarixi va madaniyatini keng targʻib etish orqali insoniyat taraqqiyotiga xizmat qiladi. Ayniqsa, Buyuk Ipak yoʻli madaniyatining butun insoniyat tarixidagi oʻrni bu yerda juda chuqur ochib berilgan. Bu joyda inson oʻzini ruhiy jihatdan boyitadi, maʼnaviy yuksalishni his qiladi,” — deydi u.

 

Mila Balabanova, shuningdek, Oʻzbekiston xalqining mehmondoʻstligi, boy madaniy merosi va qadimiy anʼanalarini yuksak ehtirom bilan tilga oldi:
 

“Men Oʻzbekistonning madaniy merosi, anʼanalari, xalqining samimiyligi va bu yurtning betakror goʻzalligidan chin dildan hayratdaman.”