Gollivud aktyori Ben Kingsli oʻzbek zaminida yetishgan buyuk olimlar haqida hikoya qiladi
Oʻzbekiston Islom sivilizatsiyasi markazi “Oskar” mukofoti sohibi, afsonaviy gollivud aktyori ser Ben Kingsli ishtirokidagi yangi xalqaro loyihani amalga oshirishni boshladi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan mamlakatda boy maʼnaviy va tarixiy merosni, shuningdek, Sharq olimlarining jahon sivilizatsiyasi rivojiga qoʻshgan ulkan hissasini keng targʻib etishga qaratilgan keng koʻlamli madaniy va gumanitar loyihalar amalga oshirilmoqda. Islom sivilizatsiyasi markazining mazkur tashabbusi ana shu yoʻnalishdagi yana bir yorqin qadam boʻldi.
Loyiha doirasida tarix, madaniyat va fan taraqqiyotiga beqiyos hissa qoʻshgan buyuk allomalar va ulamolar hayotiga bagʻishlangan oʻn tadan ortiq qisqa metrajli hujjatli filmlar yaratilmoqda. Ushbu filmlar xalqaro auditoriya uchun moʻljallangan boʻlib, dunyoning yetakchi media-platformalarida namoyish etilishi koʻzda tutilgan.
Loyihaning ilk bosqichida ser Ben Kingsli ishtirokida videorolik suratga olindi. Bu rolik Sharqning buyuk mutafakkirlari va olimlari, ularning ilmiy merosi va gʻoyalari jahon madaniyati, falsafasi hamda fan rivojiga koʻrsatgan beqiyos taʼsiri haqida hikoya qiluvchi katta filmlar turkumiga muqaddima boʻladi.
Kelgusida loyiha doirasida boshqa jahon miqyosida tanilgan aktyorlar va sanʼat arboblarini ham jalb etish rejalashtirilgan. Bu orqali tomoshabinlarga hozirgi Oʻzbekiston hududida shakllangan islom sivilizatsiyasining betakror sahifalarini butun dunyo miqyosida yetkazish imkoni yaratiladi.
Loyiha Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tashabbuslarini amalga oshirish yoʻlida xalqaro madaniy muloqotni mustahkamlashga, shuningdek Oʻzbekistonni qadimiy sivilizatsiyalar beshigi, fan, madaniyat va maʼrifat yurti sifatida tanitishga xizmat qiladi.
Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi matbuot xizmati
Ko‘p o‘qilgan

Dunyoning 20 dan ortiq mamlakatidan 100 dan ortiq mutaxassis Toshkentda!

Islom sivilizatsiyasi markazi – maʼrifat sari eltuvchi global platforma

Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi muzeyi yanada boyidi: dunyoning turli burchaklaridan noyob artefaktlar sovgʻa qilindi
