Armanistonlik mutaxassis: “Oʻzbekistonda tarix nafas oladigan joy bor”
Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi nafaqat milliy gʻururimiz, balki butun dunyoning maʼrifiy va ilmiy muloqot maskani sifatida tanilmoqda.
Ayni kunlarda Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan bunyod etilgan Markazda ochilishiga tayyorgarlik ishlari jadal davom etmoqda. Ekpozitsiyalarda eksponatlar joylashuvi va ularga hamohang tarzda media mahsulotlar, xususan roliklar, qisqa xronometrajli hujjatli filmlar va boshqa muzey loyihalari taqdimotga tayyorlanmoqda. Jarayon qizgʻin pallaga kirgan. Shunga qaramay, yurtimizga tashrif buyurayotgan xorijlik mehmonlar, sayyohlar Markazning tashqi mahobatini koʻriboq uning ichki kontentiga qiziqish bildirmoqda va tashkiliy jarayonlar ketayotganiga qaramay, hayrat bilan oʻz taassurotlarini bildirmoqda. Ular orasida madaniyat, sanʼatdan tashqari bank, sogʻliqni saqlash kabi soha vakillari ham bor. Kuni kecha poytaxtda boʻlib oʻtgan xalqaro konferensiya qatnashchilari ham Markaz bilan tanishdi.
Armaniston poytaxti Yerevandan kelgan mutaxassis, Moliya vazirligi boshqarma boshligʻi Lusine Ayvazyanning taʼkidlashicha, bu safar davomida u nafaqat Toshkentning zamonaviy qiyofasi, balki oʻzbek xalqi madaniyati va tarixiy ruhidan ham chuqur taassurot olgan.
“Bu mening Oʻzbekistonga ilk tashrifim. Toshkent juda zamonaviy, toza va mehmondoʻst shahar ekan. Samarqandga borishga ulgurmadim, lekin kelgusi safarimda albatta koʻrishni orzu qilaman”, — deydi u.
Uning aytishicha, aynan Islom sivilizatsiyasi markazi eng katta taassurot qoldirgan:
“Bu yerda har bir zal nafaqat tarixni koʻrsatadi, balki uni his etish imkonini ham beradi. Eksponatlar, yorugʻlik, arxitektura va zamonaviy texnologiyalar birlashib, jonli tarix muhitini yaratadi”
Lusine Ayvazyan ayniqsa Ipak yoʻliga bagʻishlangan boʻlim haqida toʻxtalar ekan, quyidagi fikr bildirdi:
“Bu boʻlim men uchun juda muhim. Chunki Ipak yoʻli Armaniston hududidan ham oʻtgan. Shu bois bu yerda koʻrganlarim menda nafaqat qiziqish, balki hissiy tuygʻular uygʻotdi. U yerda xalqlar oʻrtasidagi madaniy va savdo aloqalar naqadar chiroyli ifoda etilganini koʻrish mumkin.”
Mehmonning taʼkidlashicha, Markaz faqat muzey emas, balki “oʻtmish bilan kelajakni bogʻlovchi tirik makon”dir:
“Bu yerda ilm, madaniyat va maʼnaviyat bir-biri bilan chambarchas bogʻlangan. Markaz oʻtmishni zamonaviy texnologiyalar orqali yoshlarga yaqinlashtira olgan.”
Lusine Ayvazyan oʻzbek xalqining mehnatsevarligi va badiiy didiga ham yuqori baho berdi:
“Bizda ham oʻzbek matolari sotiladi, lekin bu yerga kelgach, tushundimki, gap faqat mahsulotda emas — xalqning qalbida, mehnat madaniyatida va tarixga boʻlgan muhabbatida ekan.”
Ko‘p o‘qilgan

Dunyoning 20 dan ortiq mamlakatidan 100 dan ortiq mutaxassis Toshkentda!

Islom sivilizatsiyasi markazi – maʼrifat sari eltuvchi global platforma

Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi muzeyi yanada boyidi: dunyoning turli burchaklaridan noyob artefaktlar sovgʻa qilindi
