“Islom sivilizatsiyasi markazi — oʻzlikni anglash va milliy gʻurur ramzi” – professor Fahad Usman
"Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan ilgari surilgan bu tashabbus juda muhim — u orqali yangi avlod oʻz tarixini, madaniyatini chuqurroq bilib, oʻz ildizlari bilan faxrlanish imkoniga ega boʻladi,” — deydi pokistonlik professor Fahad Usman.
Oʻzbekistonda barpo etilgan Islom sivilizatsiyasi markazi nafaqat mamlakatimiz ilm-fan va madaniyat tarixidagi yirik inshootlardan biri, balki xalqaro miqyosda ham eʼtirof etilayotgan maʼnaviy maskanga aylanmoqda. Bugun bu muhtasham markazga dunyoning turli mamlakatlaridan taniqli olimlar, diniy ulamolar va sanʼat arboblari tashrif buyurib, oʻz taassurotlari bilan oʻrtoqlashmoqda.
Shu kunlarda markazga tashrif buyurgan shifokor Fahad Usman ham markazdagi koʻrgazmalarni tomosha qilar ekan, Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan ilgari surilgan ushbu tashabbusni yuksak baholadi.
“Bu mening Oʻzbekistonga birinchi tashrifim va aytishim mumkinki, bu yurt nihoyatda goʻzal. Ayniqsa, Islom sivilizatsiyasi markazi meni hayratda qoldirdi — bu joy nafaqat meʼmoriy jihatdan, balki maʼnaviy mazmuni bilan ham juda boy. Har bir burchagida tarix, ilm va madaniyat nafasi seziladi,” — deydi u.
Professorning soʻzlariga koʻra, markaz musulmonlar uchun alohida maʼnaviy ahamiyat kasb etadi, chunki u oʻzligimizni, ajdodlarimiz yaratgan buyuk sivilizatsiyani eslatadi.
Shuningdek, u Markazdagi koʻrgazmalar orasida ayniqsa oʻzbek xalqining boy madaniy merosi, dorivor oʻsimliklar, paxta, ipak va mato tayyorlash jarayonining jonli tarzda namoyish etilishini alohida eʼtirof etdi.
“Bu yerdagi ekspozitsiyalar orqali tashrif buyuruvchilar nafaqat oʻtmish haqida maʼlumot olishadi, balki oʻz madaniyatining naqadar chuqur ildizlarga ega ekanini his qilishadi. Bu joy bilim, ilhom va gʻurur uygʻotadi. Har bir detalda mehnat, mehr va milliy faxr mujassam,” — deya qoʻshimcha qildi u.
Eslatib oʻtamiz, Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 2017 yil 23 iyundagi qarori asosida tashkil etilgan. 2018 yili Ramazon hayiti kuni Markaz poydevoriga tamal toshi qoʻyilgan boʻlib, bugungi kunda u ilm, tarix va madaniyat uygʻunligini mujassam etgan milliy faxr timsoliga aylangan.
Ko‘p o‘qilgan

Dunyoning 20 dan ortiq mamlakatidan 100 dan ortiq mutaxassis Toshkentda!

Islom sivilizatsiyasi markazi – maʼrifat sari eltuvchi global platforma

Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi muzeyi yanada boyidi: dunyoning turli burchaklaridan noyob artefaktlar sovgʻa qilindi
