“Aqlli navigatsiya” sizga yo‘lboshlovchi bo‘ladi

 

Islom sivilizatsiyasi markazining muzey infratuzilmasini xalqaro standartlariga mos ravishda takomillashtirish doirasida “aqlli navigatsiya” tizimi yaratilmoqda.

 

O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazida kengaytirilgan ilmiy kengashning navbatdagi yig‘ilishida markaz muzeyida amalga oshirilayotgan zamonaviy dizayn va axborot tizimlariga oid muhim loyihalar muhokama etildi.

 

Yig‘ilishda “TOP CONGRESS” kompaniyasi dizayn guruhi rahbari Sergey Karasyov markaz hududidagi ichki va tashqi navigatsiya tizimlari hamda ikkinchi qavatda joylashadigan 14 ta ekspozitsiya dizayni haqida batafsil hisobot berdi. Ushbu loyihalar xalqaro tashkilotlar faoliyatini yoritish va tashrif buyuruvchilar uchun qulay yo‘nalish tizimini yaratishga qaratilgan.

 

Sergey Karasyov taʼkidlashicha, ayni paytda Markaz muzeyining "Birinchi Renessans" bo‘limidagi "Vaqt devori" loyihasida bu tizim to‘liq amalga oshirilgan.

 

– Markazning ichki va tashqi navigatsiya tizimi hamda muzeyning ikkinchi qavatdagi ekspozitsiyalari uchun ishchi dizayn loyihalari tayyor bo‘ldi.

 

Yangi tizimlar markazda mehmonlar oqimini tartibli boshqarish, har bir bo‘limni oson topish va tashrif buyuruvchilar uchun intuitiv harakat yo‘nalishini taʼminlaydi, – deydi Sergey Karasyov.

 

Shuningdek, markaz ilmiy xodimi Obid Tangirov “Sivilizatsiyalar va kashfiyotlar devori” ekspozitsiyasini ovozlashtirish loyihasini taqdim etdi. Loyihaga ko‘ra, audio tinglash moslamasi o‘rnatilib, mehmonlar tarixiy maʼlumotlarni eshitish orqali ekspozitsiyani yana-da teranroq his etish imkoniga ega bo‘ladi.

 

Yig‘ilish yakunida taqdim etilgan barcha loyihalar o‘z vaqtida to‘liq yakunlash va ilmiy kengashga taqdim etish bo‘yicha kelishuvga erishildi. Shu bilan birga, markazning boshqa ilmiy va texnik yo‘nalishlarida ham yangi bosqichdagi tashabbuslar izchil davom ettirilishi belgilandi.