Ilm, muhabbat va siyosatni uygʻunlashtirgan ayol

🔴Podshohlar onasi, ilmning homiysi 



 

Buxoro maktabida yaratilgan XVI asr miniatyurasi — Hamida Bonuning nodir portreti bugun ham islom sanʼatidagi yuksak zavq va maʼnaviyat ramzi sifatida qadrlanadi.

 

Asarda Humoyun podshohning rafiqasi va buyuk Akbar podshohning onasi — Hamida Bonu Begimning nainki zohiriy qiyofasi, balki uning ruhiy dunyosi ham goʻzal tarzda tasvirlangan. Oppoq chehra, xina bilan bezalgan qoʻllar va turkiy-hind uslubidagi zeb-ziynatlar uning millatlararo va madaniyatlararo uygʻunlik ramziga aylantiradi.

 

Hamida Bonu nafaqat podshohning rafiqasi, balki ilm va maʼrifatning homiysi sifatida tarixda iz qoldirdi. U koʻp tillarni bilgan, qoʻlyozma kitoblar yigʻgan va xattotlar hamda musavvirlar faoliyat yuritgan kutubxona tashkil etgan. Uning saroyi ilm, falsafa va sheʼriyat muhokama qilinadigan maʼnaviy markazga aylangan.

 

Hamida Bonuning tashabbusi bilan Dehlida Humoyun maqbarasi barpo etildi — bu inshoot keyinchalik Hindistondagi islom meʼmorchiligining yangi bosqichiga asos soldi. U Xuroson va Sherozdan ustalarni taklif etib, turkiy va hind uslublarini uygʻunlashtirgan.

 

Humoyun qochqinlikka yuz tutgan yillarda Hamida Bonu uni yolgʻiz qoldirmadi — u maslahatchi, hamfikr va tayanch sifatida yonida boʻldi. Keyinchalik Akbar davrida ham u saroy siyosatining nufuzli ishtirokchisi boʻlib qoldi.

 

Hamida Bonu Begimning gumanistik dunyoqarashi va maʼrifatga sadoqati Boburiylar madaniyatiga chuqur taʼsir koʻrsatdi. Uning nomi bugun ham maʼrifatparvar ayol, ziyoli onalar va sanʼat homiylari ramzi sifatida tilga olinadi.

 

Maʼlumot uchun: Hamidabonu (1527 – 1604) ikkinchi Boburiy podshoh – Humoyunning kichik xotini va uning oʻgʻli hamda vorisi, boburiylarning uchinchi podshohi – Akbarning onasi edi. Hamidabonu Hindistondagi eng ziyoli ayollardan biri boʻlgan, bir necha tillarda soʻzlasha olgan. Kitob sanʼatining ashaddiy muxlisi, ajoyib kutubxonaning egasi boʻlgan. Kutubxonada qoʻlyozma kitoblar ustalari ham faoliyat yuritar, naqshlar va suvratlar ishlanar, yangi kitoblar tayyorlanar edi. U oʻz eriga sadoqatli boʻlib, Humoyun bilan sayohatlarga birga chiqqan, shu qatorda qochqinlikda yurgan paytlarida ham unga hamrohlik qilgan. Akbarning hukmronligi davrida hatto turli vaziyatlarda siyosatga ham aralashgan.


Humoyun  afgʻonlar  yetakchisi Sherxon qoʻshinlarining  hujumi natijasida Dehlidan chiqib ketgan,  Sind viloyatida surgunda yurgan. Boburning qizi, shoira Gulbadanbegim oʻzining “Humoyunnoma” kitobida Hamidani oʻsha kunlarda Hindolning saroyida tez-tez koʻrganini taʼkidlagan. Humoyun shu taxlit Hamidabonuga oshiq boʻlib qoladi.   “Humoyunnoma”da yozilishicha, Hamidabonu shahzoda unga uylanish qarorida yurganini eshitib, “men etagiga ham qoʻlim yetmaydigan taxt va martaba egasiga emas, istagan paytda yoqasiga qoʻlim yetishi mumkin boʻlgan kishiga turmushga chiqaman” deb javob beradi. Faqatgina malika Dildorbegimning vositachiligida qizning ota-onasi uni darbadar shahzodaga berishga rozilik berishadi. Shundan soʻng qiz ham noiloj Humoyunga turmushga chiqishga koʻnadi. 


“Humoyunnoma”da yozilishicha, Hamidabonu dastlab eriga biroz sovuq munosabatda boʻlgan. Ammo keyinchalik erini qattiq sevib qolgan va butun umr unga sadoqat bilanyashagan. Humoyun ashaddiy raqibi Shershohning taʼqibidan qochib, bir muddat Eron shohi Tahmosp saroyida yashagan. Eronda temuriy shahzodaning izzat-hurmat bilan qarshi olinishiga ham asosan uning ayoli Hamidabonu mashhur shayx Ahmad Jomiy avlodidan ekanligi sabab boʻlgandi. Malika Humoyunning sarson-sargardonlikda, Safaviylar saroyida kechgan yillari ham uning yonidan bir qadam ayrilmagan. Hamidabonu Humoyundan bir oʻgʻil va ikki qiz koʻrgan. Qizlari goʻdaklik chogʻidayoq nobud boʻlgan. Shershohning vafotidan soʻnggina Humoyun 1554 yilda mamlakatdagi boshqaruvni qayta qoʻlga oladi va ikki yilga yaqin mamlakatni boshqaradi. 1556 yilda Humoyun kutilmaganda baxtsiz hodisa sababli vafot etgach, uning 14 yoshli oʻgʻli Akbar taxtga oʻtiradi. Hamidabonu har doim oʻgʻlining yonida boʻlib, to voyaga yetguniga qadar, davlat boshqaruvida unga yordam beradi. Hatto Akbar balogʻatga yetganidan keyin u saroy va davlat boshqaruvida oʻz taʼsir kuchini uzoq muddat saqlab qolgan. Akbar va uning katta oʻgʻli, valiahd Salim (Jahongir) oʻrtasi yuzaga kelgan kelishmovchiliklar ham aynan Hamidabonuning aql-zakovati bilan bartaraf etilgan. Hamidabonu nabiralari taʼlim-tarbiyasiga ham alohida eʼtibor qaratgan. Jumladan, shahzoda Jahongirning  davlat tepasiga kelishida ham katta oʻrin tutgan. Oʻgʻli Akbar va nabirasi Jahongir tashabbusi bilan yaratilgan solnomalarda malikaning nomi poklik va ulugʻvorlik timsoli sifatida “Maryami makoniy” (Makonning Maryami) sifatlari bilan tilga olinadi. Jumladan, uning hayoti tafsilotlari qayinsinglisi  Gulbadanbegim tomonidan yozilgan “Humoyunnoma”da hamda oʻgʻli Akbar davrida bitilgan “Akbarnoma” va“Ayni-Akbariy” asarlarida  alohida tasvirlanadi. Hamidabonu oʻgʻli Akbar vafotidan bir yil oldin va eri Humoyun vafotidan deyarli yarim asr oʻtgach, 1604 yilning 29 avgustida vafot etgan. U Agrashahrida, Humoyun qabri yoniga dafn etilgan.

 

Durdona Rasulova

P/S:Maqolani markaz rasmiy saytiga havola bilan koʻchirib eʼlon qilish mumkin