“Islom Sivilizatsiyasi markazi — buyuk gʻoyaning mahsuli” – Turkiya prezidenti vakili


🔴Turkiya delegatsiyasi Islom sivilizatsiyasi markazi dunyoga oʻrnak boʻladigan loyiha ekanligini taʼkidladi



Turkiya Respublikasi Prezidentining yordamchisi Mujahit Arslan hamda mamlakatning yetakchi nashrlaridan biri — “Milliyet” gazetasi bosh muharriri Ozay Shendir Toshkentdagi Islom sivilizatsiyasi markaziga tashrif buyurdi.


Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan barpo etilgan mazkur markaz bugungi kunda dunyoning turli mamlakatlaridan kelayotgan delegatsiyalar diqqat markazida. Turkiyalik mehmonlar ham markaz ekspozitsiyasi, nodir eksponatlar va zamonaviy muzey yechimlari bilan yaqindan tanishdilar.



 

Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi direktori, sanʼatshunoslik boʻyicha falsafa doktori Firdavs Abduxoliqov mehmonlarga muassasaning faoliyati, maqsad va vazifalari haqida maʼlumot berdi. U ikki davlat rahbarlarining madaniy merosni asrash va tadqiq etishga qaratgan eʼtiborini alohida taʼkidladi:

 

– Islom sivilizatsiyasi markazi — hurmatli Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning buyuk gʻoyalari ifodasi. Bu maskan nafaqat Oʻzbekiston, balki butun musulmon dunyosi merosini oʻrganishda muhim maydonga aylanmoqda. Hozirda turkiyalik olimlar va mutaxassislar bilan oʻnlab ilmiy loyihalar amalga oshirilmoqda, kelgusida bu hamkorlik yanada kengayishi rejalashtirilgan. Shuningdek, markaz ekspozitsiyasi dizaynini yaratishda turkiyalik hamkorlar bilan birgalikda ishlaganimizdan juda mamnunmiz, — dedi u.





 

Turkiya Prezidentining yordamchisi Mujahit Arslan esa Islom sivilizatsiyasi markazi haqidagi taassurotlarini shunday ifoda etdi:

 

– Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazidek muhtasham inshootni koʻrib, chin maʼnoda hayratdaman. Barcha boʻlimlar dizayn va mazmun jihatdan yuksak darajada ishlangan. Xususan, islomdan avvalgi davr sivilizatsiyasi boʻlimida vatandoshlarimizning mehnati ham namoyon boʻlganini koʻrib, faxrlandim. Bu ishning muvaffaqiyatli yakunlanayotgani bilan sizni samimiy tabriklayman.