Rossiya muftiylar kengashi raisi oʻrinbosari: “Ming yillik anʼanaga guvoh boʻlish — buyuk voqea”
Rossiya muftiylar kengashi raisi oʻrinbosari, Moskva Islom instituti rektori Damir Muhiddinov maʼnaviyat va ilmni uygʻunlashtirgan Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi tashkil etilganini yuksak baholadi. Darhaqiqat, Markaz muzeyining eng bebaho durdonalaridan biri sifatida, shubhasiz, oʻtgan yili yozda Saudiya Arabistoni tomonidan Oʻzbekistonga taqdim etilgan Kaʼba yopinchigʻi — kisva va mashhur Usmon Qurʼoni namoyish etilgan Qurʼoni karim zalini atash mumkin. Damir Muhiddinovning qayd etishicha, bunday maskanga tashrif, insonni Allohning uyiga, Kaʼbaga borishga oldindan ruhiy tayyorlaydi.
– Kisva — Makkadagi muqaddas Kaʼba yopinchigʻi har yili yangilanadi, yechilgan kisva esa, boʻlaklarga kesilib, muayyan shaxslarga, rasmiylarga, muzey va tashkilotlarga taqdim etiladi. Oʻzbekistondagi Islom Sivilizatsiyasi markazi muzeyi ekspozitsiyasida muqaddas Kaʼba yopinchigʻining eshik qismi va Kaʼba eshigining kalitlari installyatsiyasi oʻrin olgan. Kisvani yaqinidan koʻrish, uni diqqat bilan tomosha qilish — bu, maʼlum maʼnoda, Allohning uyi — Kaʼbaga kichik bir “virtual” haj safarini ado etish kabidir. Bu inson qalbida yana bir bor muqaddas joyga boʻlgan muhabbatni uygʻotadi. Ichki tuygʻularimiz, bu voqea uchun tayyorgarlik koʻrish, mablagʻ yigʻish, rejalashtirish, “shu yil dam olish uchun kurortga boraymi yoki diniy burchimni ado etaymi?” degan savol ustida oʻylash bilan boshlanadi. Shunday qilib, bunday maskanga tashrif, insonni Allohning uyiga, Kaʼbaga borishga oldindan ruhiy tayyorlaydi.
Islomning buyuk zotlari tomonidan koʻchirilgan nodir durdona — Usmon Qurʼonini koʻrish va uni kisva bilan uygʻun holda tomosha qilish katta, unutilmas taassurot qoldiradi. Alloh taoloning marhamati ila men bu ulugʻ ilm, madaniyat va sivilizatsiyalar ibodatxonasida boʻldim, Kisvani oʻz koʻzim bilan koʻrib, qoʻlim bilan ushlab hatto suratini ham oldim. Ehtimol, bu suratni uyimning eng koʻrinadigan joyiga ilib qoʻyaman.
Usmon Qurʼoni — islomning muqaddas kitobi Qurʼonning eng qadimiy qoʻlyozma nusxalaridan (mushaflaridan) biridir. Paygʻambar Muhammad (s.a.v.)ning sahobalaridan boʻlgan Usmon ibn Affon 647 yilda Qurʼonning bir necha nusxasini tayyorlashni buyurib, ularni turli mintaqalarga yuborgan. XIX asrning ikkinchi yarmigacha ushbu qoʻlyozma Samarqanddagi Xoʻja Ahror Vali masjidida saqlangan. 1869 yilning may oyida Samarqand Rossiya imperiyasi tomonidan bosib olingach, mushaf Sankt-Peterburgga olib ketilgan. 1922 yil avgustida Turkiston musulmonlarining talabiga binoan muqaddas kitob Toshkentga qaytarilgan. Hozirgi kunda Usmon Qurʼoni Hazrati Imom majmuasidagi “Moʻyi Muborak” masjidida saqlanadi. Muzey ekspozitsiyasida boshqa muqaddas kitoblar, jumladan, ularning nusxalari va faksimilelari ham oʻrin olgan. Nusxalari koʻpaytirilganda ularning qadr-qimmati kamaymaydi, aksincha, Paygʻambarimiz (s.a.v.) hadislarida shunday deyiladi: “Qurʼonning har bir harfini oʻqigan odam ajr va savob oladi”. Unda faqat eng qadimiy, qoʻlyozmadan yoki faqat bosma nusxadan oʻqilsin deyilmagan. Har qanday bilimni yetkazish shaklidan qatʼiy nazar qabul qilinadi va qadrli hisoblanadi. Boshqa tomondan, xattot qoʻli bilan bitilgan nusxa nafosat va goʻzallikka ega boʻlsa-da, unda ancha-muncha xatolar uchrashi mumkin.
Maʼlumki, turli joylarda saqlanib kelayotgan yoki topilgan Qurʼonning ilk qoʻlyozmalari sezilarli darajada xatoliklarni oʻz ichiga olgan. Masalan, mashhur Qurʼon kodeksi (islom yozma anʼanasining dastlabki davriga oid, VII–VIII asrlar) bunga yorqin misoldir. Uning katta qismi bizda, Sankt-Peterburgdagi Sharq qoʻlyozmalari institutida saqlanadi. Bundan koʻrinib turibdiki, keyingi davr xattotlari, Qurʼon bilimdonlari asl matnga tuzatishlar kiritgan. Shuning uchun tajvid va ulum al-Qurʼon kabi fanlar nuqtai nazaridan, bugungi kunda qayta nashr etilgan va tahrir qilingan Qurʼon nusxasidan oʻqish ancha toʻgʻri va haqqoniydir. Ammo merosni yetkazish, ayniqsa, uning haqiqiyligini asrash nuqtai nazaridan alohida ahamiyat kasb etadi.
Bahslarda “avtentik Injil” yoki “avtentik Qurʼon” haqida gapirilganda, bu koʻpincha tortishuvga sabab boʻladi: islomning muxoliflari goʻyoki Usmon (r.a.) yoki uning davridagi kotiblar tomonidan yozilgan asl Qurʼon nusxalaridan birortasi ham saqlanib qolmagan, deb daʼvo qiladilar. Ammo biz dunyoning turli burchaklaridan artefaktlarni toʻplab, koʻrsatamiz: Kufa, Basra, Bagʻdod va boshqa hududlarda bitilgan mushaflar bor — shu bilan Qurʼon bizga Paygʻambar Muhammad (s.a.v.) davrida qanday yozilgan boʻlsa, hozirgi koʻrinishida shunday yetib kelganini tasdiqlaymiz. Ha, talaffuz va lahjalarda farqlar mavjud — ular maʼlum, oʻrganilgan va ham ogʻzaki, ham yozma anʼanada avloddan-avlodga yetkazilgan. Ilk arablar yozma asarlarni keng tarqatmaganlar — bilim, asosan, ogʻzaki tarzda uzatilgan. Qurʼonning aynan kitobiy anʼanaga asos boʻlgani juda koʻp narsani anglatadi va katta masʼuliyat yuklaydi. Qurʼon keyinchalik filologiya va unga bogʻliq fanlarga — tilshunoslikka, terminologiyaga, maʼnolarni anglash qoidalariga, jumla tuzilishiga va hokazolarga taʼsir koʻrsatgan. Shu maʼnoda Qurʼon nihoyatda avtentikdir; uni toʻplash, yodlash, oʻrganish, ilk asrlarda xattotlik qanday rivojlanganini, qaysi yoʻnalishlar boʻlganini, matn qanday bezatilganini bilish nihoyatda qiziq. Bu butun boshli maktablardir — Hirot, Sheroz, Isfahon maktablari. Har bir davr Qurʼon sahifalariga oʻzining goʻzallik va madaniyat haqidagi tushunchasini olib kirishga intilgan. Shunday mushaflarning bunday markazlarda toʻplanishi, ularni koʻz bilan koʻrib, ming yillik anʼanaga guvoh boʻlish — albatta, buyuk voqea. Men bejiz “ilm ibodatxonasi” degan ifodani ishlatmayapman. Muzey — bu shovqin joyi emas, aynan ibodatxonadir. Shovqinni hatto Kaʼbani tavof qilish vaqtida ham topish mumkin, chunki eng muqaddas joyda ham millionlab odamlar haj yoki umra ado etar ekan, shoshadilar, oyoqni bosadilar, baʼzilar gʻazab taʼsirida itarib yuborishi ham mumkin — bunday holatlarni men koʻp marta koʻrganman. Shovqinni hamma joyda uchratish mumkin. Eng muhimi — u qalbda va koʻngilda boʻlmasligi. Aynan kisvani va Qurʼonni tomosha qilish insonning qalbiga sokinlik — osoyishtalik, ruhiy muvozanat, qoniqish, xotirjamlik bagʻishlashi mumkin. Biz ham Rossiyada, ilm va taʼlim maskanlarida Qurʼon sahifalaridan namunalarni, uning unsurlarini joylashtirishga intilamiz: odam shovqin-suronga berilgan boʻlsa ham, bu yozuvlarga, bu buyuk yodgorliklarga nazar tashlab, tinchlanadi, xotirjamlik topadi, oʻz xulqini, hayot tarzini qayta koʻrib chiqadi va shovqin barham topadi.
Ko‘p o‘qilgan

Dunyoning 20 dan ortiq mamlakatidan 100 dan ortiq mutaxassis Toshkentda!

Islom sivilizatsiyasi markazi – maʼrifat sari eltuvchi global platforma

Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi muzeyi yanada boyidi: dunyoning turli burchaklaridan noyob artefaktlar sovgʻa qilindi
