Bunday maʼrifiy markaz gʻoyasining oʻzidan juda hayratdaman – Belarus IIV oʻrinbosari




Soʻnggi yillarda Oʻzbekistonda ilm, madaniyat va maʼrifat sohalarida amalga oshirilayotgan islohotlar mamlakatimizning xalqaro maydondagi nufuzini yangi pogʻonaga koʻtarmoqda. 


Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi va gʻoyasi bilan Toshkent shahrida barpo etilgan Islom sivilizatsiyasi markazi  jahon hamjamiyati oldida Oʻzbekistonning yana bir dadil maʼnaviy va maʼrifiy qadamidir.

 

Ayni paytda Markaz kontentlari ham tashqi mahobatiga munosib ravishda qadimiy qoʻlyozmalar, ilmiy kashfiyotlar va zamonaviy texnologiyalar uygʻunlashgan holda inson tafakkuri va madaniyatining yuksak darajasini koʻrsatishga tayyorlanmoqda. 


Ochilishga tayyorlayotgan Markazga har kuni turli mamlakatlardan olimlar, diplomatlar, ijodkorlar va siyosiy arboblar tashrif buyurib, islom sivilizatsiyasining Markaziy Osiyodagi ildizlarini yaqindan oʻrganish va taqdim etilishi kutilayotgan tarixiy merosning  islom sivilizatsiyasiga hamohangligini koʻzdan kechirib, oʻz fikrlarini bildirishmoqda. 



 

Jumladan, yaqinda Markazga tashrif buyurgan Belarus Respublikasi Ichki ishlar vaziri oʻrinbosari Gennadiy Kazakevich boshchiligidagi delegatsiya tashrif buyurdi.

 

“Men bu inshootdan, eng muhimi esa — bunday maʼrifiy markaz gʻoyasining oʻzidan juda hayratdaman. Bu mening Oʻzbekistonga birinchi tashrifim emas, ammo har safar bu xalqning mehnatsevarligi va boy tarixini zamonaviy texnologiyalar orqali namoyon etishdagi ijodkorligi meni hayratga soladi. Bu yerda yoshlar ham, kattalar ham yangi bilim va ilhom oladi. Bizning mamlakatlarimiz tarixga va taraqqiyotga boʻlgan yondashuvi juda oʻxshash”, deydi u oʻz taassurotlarini boʻlisharkan.

 

Belaruslik mehmonning bu fikrlari Islom sivilizatsiyasi markazi nafaqat ilmiy va madaniy, balki xalqaro muloqot va doʻstlikni mustahkamlovchi maydonga aylanishiga ham bir isbotdir.



 

Shuningdek, qayd etish kerakki, bu yerga tashrif buyurgan har bir mehmon uchun u — faqat muzey emas, balki tirik tarix, muloqot va oʻzaro tushunish maskani. Shu bois, Markazga boʻlgan xalqaro qiziqish tobora ortayapti.