Falastinlik olim: “Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi butun musulmon olamiga ilhom manbai boʻladi”




Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markaziga Falastin Islom merosini tiklash va oʻrganish markazi raisi Xalil Munir Karaja tashrif buyurdi.

 

Mehmon markazning asosiy ekspozitsiyasi, ilmiy-tadqiqot laboratoriyalari, axborot-tahlil boʻlimlari hamda kutubxona faoliyati bilan yaqindan tanishdi.





Markazning bosh mutaxassisi Mavluda Karimova tashrif buyuruvchiga kutubxona fondi, uning faoliyati, tadqiqotchilar va kitobxonlar uchun yaratilgan zamonaviy imkoniyatlar haqida maʼlumot berdi.

 

Falastinlik mehmon Oʻzbekistonda yaratilayotgan ilmiy-maʼrifiy muhitni, xususan, islom tarixi va madaniyatini saqlash va targʻib etish yoʻnalishidagi keng koʻlamli ishlarini yuksak baholadi.

 

Xalil Munir Karajaning taʼkidlashicha, Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan barpo etilgan Islom sivilizatsiyasi markazi nafaqat Oʻzbekiston, balki butun musulmon dunyosi uchun maʼnaviy va madaniy ahamiyatga ega ilmiy maskanga aylangan.

 

“Men Oʻzbekistonda shunday Prezident borligidan faxrlanamanki, u zot islom sivilizatsiyasi, madaniyati va merosining mohiyatini chuqur anglaydi. Bu markaz nafaqat Oʻzbekiston, balki butun arab va islom olami uchun nur sochuvchi maʼnaviy maskanga aylanadi. Men bu yerda boy va goʻzal madaniy xazinani koʻrdim — ular musulmon dunyosi uchun ilhom manbai boʻlishi mumkin”, — dedi u.

 

Xalil Munir Karaja, shuningdek, Prezident Shavkat Mirziyoyevning Birlashgan Millatlar Tashkilotida islomiy va insoniy hamkorlikni mustahkamlash borasidagi tashabbuslarini qoʻllab-quvvatlashini taʼkidladi.


 

Mehmon Falastin va Oʻzbekiston oʻrtasidagi doʻstona munosabatlarni yanada rivojlantirish, ilmiy hamkorlikni kuchaytirish muhimligini qayd etdi. U kelgusida Falastinda chop etilgan islom madaniyati va sivilizatsiyasiga oid kitoblarni markaz kutubxonasiga taqdim etish niyatini bildirdi.

 

Uchrashuv yakunida falastinlik olim Oʻzbekiston xalqiga tinchlik va farovonlik tilaklarini izhor etar ekan, ikki xalqni birlashtirib turayotgan umumiy tarix, maʼnaviy va diniy qadriyatlarni asrab-avaylash muhimligini taʼkidladi.