“Yangi Oʻzbekiston”ning yangi ovozi – tarix, media va texnologiya birlashmoqda

Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazining Yangi Oʻzbekiston – Yangi Renessans poydevori boʻlimida mamlakatdagi islohotlar statistika yoki raqamlar emas, balki odamlar, orzular va bunyodkorlik haqidagi hayotiy hikoyalar bilan taqdim etiladi.
Oʻzbekiston Islom sivilizatsiyasi markazi muzeyidagi “Yangi Oʻzbekiston – Yangi Renessans poydevori” boʻlimi bugungi kunda mamlakat taraqqiyotining yangi bosqichini ifodalayotgan zamonaviy konsepsiyaga aylanmoqda. Bu loyiha faqat muzey ekspozitsiyasi emas, balki raqamli media, videohikoyalar va vizual texnologiyalar orqali Oʻzbekistonning yangi qiyofasini namoyon etayotgan ulkan multimedia platforma hisoblanadi.
Loyiha doirasida taʼlim, fan, iqtisodiyot, sogʻliqni saqlash, madaniyat va turizm kabi sohalarni qamrab olgan videokontentlar tayyorlanmoqda. Ular orqali mamlakatdagi islohotlar inson taqdiri va hayotiy misollar orqali hikoya qilinadi. Har bir rolik statistika yoki raqamlar emas, balki odamlar, orzular va bunyodkorlik haqida soʻzlaydi.
Har bir vazirlik va idora ushbu tashabbus doirasida oʻz yoʻnalishiga mos hikoya yaratmoqda:
➖ Taʼlim va fan tizimi – bilim, innovatsiya va tafakkur uygʻunligini yoritadi.
➖Iqtisodiyot va moliya sektori – raqamlar ortidagi real oʻzgarishlarni, yangi ish oʻrinlari va imkoniyatlarni koʻrsatadi.
➖Sogʻliqni saqlash tizimi – inson salomatligi va ijtimoiy farovonlikni asosiy qadriyat sifatida talqin etadi.
➖Madaniyat va turizm sohasi – Oʻzbekistonning tarixiy merosi va zamonaviy turizm salohiyatini birlashtiradi.
➖Sport va yoshlar yoʻnalishi – harakat, iroda va yangilanish ruhini ifodalaydi.
➖Har bir yoʻnalish uchun tayyorlanayotgan loyihalar — bu bir vaqtning oʻzida maʼlumot, tahlil va ilhom manbai boʻlishiga alohida eʼtibor qaratilmoqda.

Mazkur loyihalarni amalga oshirishda ishlarni yanada tizimli tashkil etish maqsadida ishchi guruh yigʻilishi boʻlib oʻtdi. Unda vazirlik va idoralar vakillari videokontentlar yaratish, multimedia ekspozitsiyalar tayyorlash hamda tematik yoʻnalishlar boʻyicha vazifalarni taqsimlash masalalari muhokama qilindi.
Medialoyihalar Rossiyaning “Sila sveta” kompaniyasi bilan hamkorlikda amalga oshirilmoqda. Bu hamkorlik Oʻzbekistonning tarixiy va madaniy merosini xalqaro miqyosda zamonaviy uslubda namoyon etish imkonini beradi.
Har bir videoloyiha Islom sivilizatsiyasi markazining ilmiy yoʻnalishlari bilan uygʻun holda tayyorlanmoqda — maʼlumot va ilmiy tahlil birlashgan yangi formatda.

Olimjon Oʻsarov, Mudofaa vazirining vatanparvarlik targʻiboti, maʼnaviy-maʼrifiy masalalar va yoshlar ishlari boʻyicha maslahatchisi:
– Majmuaning tashabbuskori, bunyodkori muhtaram Prezidentimiz Birlashgan Millatlar Tashkilotining yuksak minbaridan turib “yaqin kunlarda bu markazning rasmiy ochilish marosimi boʻladi” deb eʼlon qildi.
Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi deb atalgan bu majmuada bizning mana shu muqaddas zaminimizda hayot, insoniyat, kishilik jamiyati paydo boʻlgan davrdan shu kungacha boʻlgan barcha yutuqlar oʻz aksini topgan. Bu eng zamonaviy koʻrinishda, eng zamonaviy yondashuv asosida qilinmoqda. Maqsad nima? Eng avvalo, oʻzligimizni anglash. Bizning uch yarim ming yillik boy tariximizni nafaqat yurtdoshlarimizga, balki jahon ommasiga namoyish etish.
Bu boʻlim nafaqat ilmiy ekspozitsiya, balki keng jamoatchilik uchun koʻrish, eshitish va his etish orqali anglanadigan yangi madaniy platformaga aylanmoqda.
Kontentlar uch — oʻzbek, rus va ingliz tillarida yaratilib, interaktiv koʻrgazmalar, virtual ekspozitsiyalar va xalqaro taqdimotlarda namoyish etiladi.
Ko‘p o‘qilgan
Dunyoning 20 dan ortiq mamlakatidan 100 dan ortiq mutaxassis Toshkentda!
Islom sivilizatsiyasi markazi – maʼrifat sari eltuvchi global platforma
Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi muzeyi yanada boyidi: dunyoning turli burchaklaridan noyob artefaktlar sovgʻa qilindi