“Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan Oʻzbekiston yoʻqolgan tarix sahifalarini qayta jonlantirmoqda” – Aysima Mirsulton
🔴 Boburiylar qoʻlyozmalari birlashmoqda
🔴 Jahongir albomi: yoʻqolgan tarix sahifalari yana Vatanga qaytmoqda
Oʻzbekistondagi megaloyiha – Toshkentda bunyod etilgan Islom sivilizatsiyasi markazi hali keng jamoatchilikka taqdim etilmagan boʻlsa-da, allaqachon xalqaro maydonda eʼtirofga sabab boʻlmoqda. Yaqinda oʻtkazilgan “Buyuk oʻtmish merosi – maʼrifatli kelajak asosi” mavzusidagi xalqaro ekspertlar forumida 20 ga yaqin davlatlardan ishtirok etgan 100 dan ortiq xorijiy olimlar ham Markazning tashkil etilishi Prezident Shavkat Mirziyoyevning islom dunyosiga qilgan tuhfasi ekanligini alohida taʼkidlashdi. Xalqaro ekspert, Berlin Davlat kutubxonasi Sharqiy Osiyo boʻlimi ilmiy xodimi Aysima Mirsultonning fikricha, Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi – Oʻzbekistonning yangi qiyofasini dunyoga namoyon etmoqda.
Shuningdek, Markaz muzeyining ekspozitsiyalarini koʻzdan kechirib, oʻz fikr-mulohazalari, takliflari, ekspertlik xulosalarini bildirishdi.

Xususan, Aysima Mirsultonning fikricha, Boburiylar nafaqat Hindiston tarixida, balki oʻzbek milliy oʻzligida ham muhim iz qoldirgan suloladir.
– Zahiriddin Muhammad Bobur va uning vorislari – Humoyun, Akbar, Jahongir, Shohjahon – oʻz saltanatlarini Hindistonda barpo etgan boʻlsalar-da, ular turkiy sulola, yaʼni bizning ajdodlarimiz avlodidan edi. Shu sababli ularning madaniy merosi va siyosiy qarashlari oʻzbek tarixining ajralmas qismi.
Boburiylar davrida yaratilgan bebaho qoʻlyozmalar, sanʼat namunalari, arxitektura durdonalari bugun butun dunyo muzeylarida saqlanmoqda. Ular faqat Hindiston emas, balki insoniyat madaniyatining umumiy boyligiga aylangan.
Ikkinchi Renessans gʻoyasi aynan shuni ifoda etadi – tarixga qaytish orqali yangi uygʻonish, milliy oʻzlikni jahon sahnasida namoyon etish jarayoni. Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan Oʻzbekiston ana shu buyuk tarixiy sahifani qayta jonlantirmoqda. Boburiylar esa bu jarayonda ajdodlar bilan zamon oʻrtasidagi maʼnaviy koʻprik vazifasini bajarmoqda.
– Sizningcha, Boburiylarni oʻrganishda xalqaro hamkorlikning qaysi yoʻnalishlari Islom sivilizatsiyasi markazi uchun istiqbolli?
– Men kutubxona sohasiga ixtisoslashganman, shuning uchun qoʻlyozmalar yoʻnalishini eng muhim, deb hisoblayman. Boburiylar davrida yaratilgan qoʻlyozmalar, albom va toʻplamlarni izlab topish, ularni oʻrganish va faksimil nusxalar orqali jamoatchilikka taqdim etish bugunning dolzarb vazifasidir.
Ayniqsa, men hozirda Jahongir albomi boʻyicha loyiha olib bormoqdaman. Dunyo boʻylab tarqalgan qadimiy sahifalar orasida hali ilmiy jihatdan yetarlicha oʻrganilmagan namunalar koʻp. Qizigʻi shundaki, ayrimlari “forsiycha” yoki “hindcha” deb tasniflangan boʻlsa-da, aslida chigʻatoy tilida, yaʼni turkiyda yozilgan. Bu – bizning madaniy izimiz, tarixiy til merosimiz.
– Yaqinda siz Berlinda Navoiy va Boysungʻur Mirzoning gʻazallarini jamlagan albom topilganligini maʼlum qildingiz. Ushbu manba haqida batafsil soʻzlab bersangiz.
– Biz bu asarni “Jahongir albomi” deb ataymiz. Uning 26 sahifasi hozir Berlindagi kutubxonada saqlanmoqda, boshqalari esa Angliya va Amerikada tarqalgan. Agar barchasini yigʻsak, taxminan 150 sahifali ulkan toʻplam hosil boʻladi.
Albomda nafaqat miniatyuralar, balki ularga hamohang sheʼriy parchalar, devonlardan olingan baytlar ham mavjud. Ayrim sahifalarda Husayn Boyqaro yoki Alisher Navoiy asarlaridan parchalarni uchratish mumkin. Bu qoʻlyozmalar tilshunoslik, paleografiya va madaniyatshunoslik nuqtai nazaridan beqiyos manba hisoblanadi.
Hozir biz har bir sahifani aniq tahlil qilib, uning tili, yozuvi va mazmunini ilmiy jihatdan qayta tavsiflash ustida ishlayapmiz. Bu ish nafaqat ilmiy, balki estetik jihatdan ham oʻta muhim — chunki har bir sahifa nafis bezak va badiiy ruh bilan sugʻorilgan.
– Markaz uchun shunday noyob qoʻlyozmalar yoki faksimillardan taqdim etasizmi?
– Biz hozir Jahongir albomi sahifalarini jahon kutubxonalaridan yigʻib, uning toʻliq faksimil nashrini tayyorlashni rejalashtirganmiz. Loyiha ikki bosqichdan iborat:
1️ Faksimil nusxalarni yaratish;
2️ Keyinchalik izohlar, tarjimalar va ilmiy tahlillardan iborat ikki tomlik nashrni tayyorlash.
Ayni paytda Eronning Guliston saroyi bilan muzokaralar olib borilmoqda – ularda taxminan 40 ta sahifa mavjud. Shu orqali butun dunyoda tarqalgan qismlarni yigʻib, yagona tarixiy toʻplamni qayta tiklash niyatidamiz.
– Boburiylarga oid hali ochilmagan materiallar yana qaysi xorijiy arxivlarda, jumladan, Germaniyada bor?
– Hozir qaysi kutubxonada nima borligini aniq aytish qiyin, ammo agar biz Jahongir albomi loyihasini muvaffaqiyatli amalga oshirsak, boshqa davlatlar ham oʻz arxivlarini ochishga qiziqish bildirishadi.
Eng muhimi – ilmiy va madaniy ishonchni qozonish. Agar biz ilmiy xolislik va estetik hassoslikni namoyon etsak, boshqalar ham “Bizda ham Boburiylar merosi bor” deb eshiklarini ochishadi. Bu tarixni tiklashning eng goʻzal yoʻlidir.
Ko‘p o‘qilgan
Dunyoning 20 dan ortiq mamlakatidan 100 dan ortiq mutaxassis Toshkentda!
Islom sivilizatsiyasi markazi – maʼrifat sari eltuvchi global platforma
Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi muzeyi yanada boyidi: dunyoning turli burchaklaridan noyob artefaktlar sovgʻa qilindi