Diplomatiyaning ilk qadamlari: Temur va Karl VI yozishmalari

 

🔴 Tarix bilan “suhbatlashtiruvchi” ekspozitsiya


🔴 Jahon tarixini oʻzgartirgan maktublar



 

XIV asr oxirida buyuk sarkarda Amir Temur va Fransiya qiroli Karl VI oʻrtasida boʻlgan yozishmalar, Vatikan elchisi Ivan Grinloning Temur saroyiga oid xotiralari Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazida taqdim etiladi. Bu hujjatlar nafaqat diplomatiya tarixining noyob sahifasi, balki xalqimizning ilmiy va madaniy merosini jahonga tanituvchi beqiyos manbalardir.

 

Islom sivilizatsiyasi markazi muzeyidagi Ikkinchi Renessans boʻlimida ilk islomiy manbalar, oʻrta asr olimlari qoʻlyozmalari va Amir Temur davriga oid nodir hujjatlar — barchasi bir makonda jam boʻlgan.

 

Markazning Amir Temur davriga bagʻishlangan ekspozitsiyasida sohibqiron faoliyatining har bir jihati — davlat boshqaruvi, ichki siyosat va xalqaro aloqalar ilmiy asosda namoyish etiladi. Bu yerda namoyish etilayotgan hujjatlar orasida arab alifbosida yozilgan yorliqlar, maktublar va saroy yozishmalari bor. Ulardan biri — Amir Temurning Xorazmdagi sayidzodalar avlodlariga bergan yorligʻi boʻlib, u buyuk sardorning ulamolarga boʻlgan hurmatini ifoda etadi.  

 

– Har bir davrning oʻz qonuniyati bor: vaqt oʻtgan sari artefaktlar soni kamayadi. Lekin Amir Temur davrini yorituvchi original manbalarning saqlanib qolgani — tarix uchun katta baxt, — deydi Oʻzbekiston Fanlar akademiyasi Sharqshunoslik instituti katta ilmiy xodimi Sanjar Gʻulomov.

 

Ekspozitsiyaning eng qiziqarli qismi — Amir Temurning Fransiya qiroli Karl VI va Vatikan bilan yozishmalari. 1402 yilda yozilgan bu xatlar jahon diplomatiyasi tarixidagi eng qadimiy yozishmalardan hisoblanadi. Ular bilan birga Vatikan vakili Ivan Grinloning “Amir Temur saroyi haqida xotiralar” asari ham namoyish etilmoqda. Unda Temur saroyi hayoti, davlat boshqaruvi va xalqaro munosabatlar haqida batafsil maʼlumotlar berilgan.

 

Bu hujjatlar Amir Temurning nafaqat buyuk sarkarda, balki diplomatik mahoratga ega davlat arbobi boʻlganini koʻrsatadi. U Fransiya, Vatikan, Xitoy, Hindiston va boshqa mamlakatlar bilan faol siyosiy munosabatlar oʻrnatgan.

 

Qayd etish kerakki, muzey ekspozitsiyasidan joy olgan koʻpgina eksponatlar original boʻlib, asrlar davomida saqlanib kelgan nodir manbalardir. Avvalroq xabar qilganimizdek, Amir Temur va Fransiya qiroli Karl VI oʻrtasidagi yozishmalarning Oʻzbekistonga olib kelinishi kutilgan edi va endilikda ushbu tarixiy hujjatlar muzey ekspozitsiyasidan munosib oʻrin oldi. Shu bilan birga, zamonaviy texnologiyalar yordamida mehmonlar qoʻlyozmalarni elektron formatda koʻrish yoki interaktiv usulda oʻqish imkoniga ega boʻladi.