Oʻzbekiston — buyuk sivilizatsiya markazi



 

Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi soʻnggi paytlarda xalqaro miqyosda katta eʼtibor qozonmoqda. Markazga turli mamlakatlardan nufuzli olimlar, siyosatshunoslar va madaniyat namoyandalarining tashriflari ortib bormoqda.

 

Shu kunlarda Markaz mehmoni — rossiyalik siyosatshunos, xalqaro munosabatlar boʻyicha mutaxassis Timofey Bordachev boʻldi. U Islom sivilizatsiyasi markazining “Islomdan avvalgi davr”, “Birinchi Renessans”, “Ikkinchi Renessans” hamda “Yangi Oʻzbekiston — Yangi Renessans asosi” boʻlimlari bilan yaqindan tanishdi.

 

Bordachev tashrif chogʻida ekspozitsiyadagi orginal artefaktlar, innovatsion media-loyihalar va ilmiy konsepsiyani yuqori baholadi.

 

“Aytishim kerakki, bu juda ajoyib tajriba. Bu markazni koʻrishning oʻziyoq katta zavq va bilim manbai. Garchi hali rasmiy ochilish boʻlmagan boʻlsa-da, bu yer shunchaki muzey yoki koʻrgazma emas — haqiqiy ilmiy va madaniy markazdir”, — dedi u.

 

Rossiyalik olim taʼkidlashicha, Islom sivilizatsiyasi markazi nafaqat muzey yoki kutubxona, balki xalqaro ilmiy-tadqiqot platformasi sifatida ham dolzarb ahamiyatga ega.

 

“Bu markaz islom sivilizatsiyasini oʻrganishni rivojlantiradi va zamonaviy Oʻzbekistonning buyuk sivilizatsiya markazi ekanini isbotlaydi. Oʻzbekiston oʻz tarixiga va madaniy merosiga nihoyatda ehtirom bilan qaraydi. Akademik Bartold oʻz asarlarida Turkiston tarixi Rossiya va Yevropanikidan toʻrt barobar qadimiy ekanini aytgan edi. Bugun bu yerda boʻlib, men bu gapning naqadar toʻgʻriligini oʻz koʻzim bilan koʻrdim”, — dedi Timofey Bordachev.

 

Tashrif yakunida mehmonga “Oʻzbekiston madaniy merosi jahon toʻplamlarida” turkumining kitob albomi tantanali ravishda sovgʻa qilindi.