Islom matbaachiligi tarixidagi ilk bosma Qurʼonlardan biri endi Islom sivilizatsiyasi markazida


🔴 Rossiyaning “Medina” nashriyoti tomonidan Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markaziga noyob asarlar toʻplami tantanali ravishda hadya qilindi.




Toshkent shahridagi «Buyuk oʻtmish merosi — maʼrifatli kelajak asosi» xalqaro forumi doirasida Rossiyaning “Medina” nashriyoti tomonidan Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markaziga noyob asarlar toʻplami tantanali ravishda hadya qilindi.

 

2008 yilda Moskvada tashkil etilgan “Medina” nashriyoti qisqa faoliyat davrida 2000 dan ziyod ilmiy, maʼrifiy va taʼlimiy asarlarni nashr etgan. Endi ushbu boy toʻplam markaz fondini yanada boyitib, kelgusidagi tadqiqotlar uchun muhim manba sifatida xizmat qiladi.

 

Marosimda hadya etilgan eng qimmatli nusxalardan biri — musulmonlar tomonidan ilk bor nashr etilgan Qurʼoni Karim boʻldi. Bu muqaddas kitob 1787 yilda Sankt-Peterburg shahrida chop etilgan boʻlib, islom matbaachiligi tarixidagi ilk bosma Qurʼonlardan biri sifatida jahon madaniy merosida alohida oʻrin tutadi.

 

— Islom sivilizatsiyasi markaziga bunday toʻplamni taqdim etish biz uchun katta sharaf, — dedi “Medina” nashriyoti rahbari Ilyas Saduri. — Bu hadya orqali biz ilmiy va maʼrifiy hamkorlikni mustahkamlashni, Markaz faoliyati orqali yosh avlodga tarixiy merosni yetkazishda oʻz hissamizni qoʻshishni maqsad qilganmiz.

 

Eslatib oʻtamiz, joriy yilning 26–27 sentabr kunlari Oʻzbekiston Islom sivilizatsiyasi markazida boʻlib oʻtgan xalqaro forumda 20 dan ziyod mamlakatdan 100 dan ortiq olim va ekspertlar ishtirok etdi. Ular orasida IRCICA, ICESCO, TURKSOY, Butunjahon islom olami robitasi, Oksford universiteti, Rossiya Fanlar akademiyasi va Christie’s kabi nufuzli tashkilotlar vakillari ham bor edi.


Tadbirda Prezident Shavkat Mirziyoyevning islom dinining asl insonparvarlik mohiyatini saqlash va madaniyatlararo muloqotni rivojlantirish borasidagi tashabbuslari yuqori baholandi.


Forum doirasida Qurʼon zali, ilk sivilizatsiyalar, Renessanslar, muzey ishi, raqamlashtirish va xalqaro hamkorlik kabi yoʻnalishlarda 10 ta ilmiy shoʻʼba yigʻilishi oʻtkazildi.