Maʼnaviy merosga hissa: Mahalla fondi markazga tarixiy asarlar topshirdi
1872 yilgi tilla hoshiyali Qurʼon va 1920 yilgi doston Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi muzeyida namoyish etiladi
Toshkent shahrida oʻtkazilgan «Buyuk oʻtmish merosi — maʼrifatli kelajak asosi» xalqaro forumi doirasida Oʻzbekistonning “Mahalla” xayriya jamoat fondi tarixiy ahamiyatga ega qoʻlyozmalarni Islom sivilizatsiyasi markaziga topshirdi.
Marosimda Fond Respublika boshqaruvi raisi Dilshodbek Usmonov ishtirokchilarga murojaat qilib, shunday dedi:
“Bu markaz davlatimiz rahbarining tashabbusi bilan barpo etildi. Biz esa ushbu ulugʻvor ishga kichik boʻlsa-da,, hissa qoʻshish niyatida tarixiy qoʻlyozmalarni taqdim etmoqdamiz. Ular xalqimiz, yoshlarimiz hamda mehmonlar uchun maʼnaviy ozuqa va maʼrifat manbai boʻlishiga ishonamiz.”
Markaz kolleksiyasi ikki qimmatbaho asar bilan boyidi:
Qurʼoni Karim — hijriy 1289 / 1872 yilda Eronning Sharqiy Ozarbayjon viloyatida mashhur xattot Mir Muhammad Nuriy (Umar Rushadiyning shogirdi) tomonidan koʻchirilgan nusxa. Tilla hoshiyalar bilan bezatilgan ushbu qoʻlyozma 200 × 130 mm hajmga ega.
“Hazrati Shohmardon va Sayyid Battol Gʻoziy dostoni” — hijriy 1340 / 1920 yilda yozilgan adabiy asar. Oʻlchami 220 × 150 mm boʻlib, tarixiy-adabiy merosning noyob namunasi sifatida ekspozitsiyadan joy oldi.
Eslatib oʻtamiz, joriy yilning 26-27 sentabr kunlari boʻlib oʻtgan xalqaro ekspertlar forumida dunyoning 20 dan ortiq mamlakati va 100 dan ziyod mutaxassis ishtirok etdi. IRCICA, ICESCO, TURKSOY, Butunjahon Islom olami robitasi, Oksford universiteti, Rossiya Fanlar akademiyasi, Christie’s kabi nufuzli tashkilotlar vakillari maʼruzalari bilan qatnashdi.
Ko‘p o‘qilgan

Dunyoning 20 dan ortiq mamlakatidan 100 dan ortiq mutaxassis Toshkentda!

Islom sivilizatsiyasi markazi – maʼrifat sari eltuvchi global platforma

Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi muzeyi yanada boyidi: dunyoning turli burchaklaridan noyob artefaktlar sovgʻa qilindi
