Islom sivilizatsiyasi markaziga XVI asrda koʻchirilgan “Shohnoma” sahifasi taqdim etildi

 

🔴 600 yillik tarixga ega meros endi Oʻzbekistonda!



 

Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi kontenti yana bir noyob madaniy meros bilan boyidi. Ushbu durdona asar taxminan 1585 yillarda Markaziy Osiyoda koʻchirilgan.  50 mingdan ortiq baytni oʻz ichiga olib, qadimgi davrlardan to Sosoniylar sulolasigacha boʻlgan tarix, qahramonlik dostonlari va afsonalarni qamrab oladi.

 

Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazida «Buyuk oʻtmish merosi — maʼrifatli kelajak asosi» xalqaro ekspertlar forumi doirasida boʻlib oʻtgan marosimda buyuk fors shoiri Abulqosim Firdavsiyning mashhur “Shohnoma” asaridan XVI asrga oid noyob sahifa markazga taqdim etildi.

 

Bu asar Buyuk Britaniyalik kolleksioner va sanʼat arbobi Mansur Muxtorzoda tomonidan sovgʻa qilindi. Nodir sahifa “Mansour Gallery”dan olib kelingan boʻlib, taxminan 1585 yillarda Markaziy Osiyoda koʻchirilgan. Hujjat oʻlchami — 370 x 240 mm. Unda Kamoliddin Behzod ijodiy maktabiga xos uslub va temuriylar davri miniatyura sanʼati anʼanalari yaqqol koʻzga tashlanadi.



 

Marosimda Mansur Muxtorzoda shunday dedi:

 

“Toshkentda, yurtingizning qadimiy va boy sivilizatsiyasini ardoqlovchi mehmonlar safida boʻlish men uchun beqiyos sharafdir. XVI asrda koʻchirilgan “Shohnoma” sahifasini Islom sivilizatsiyasi markaziga taqdim etish orqali men Oʻzbekistonning betakror madaniy merosini keng dunyoga tanitishga hissa qoʻshayotganimdan mamnunman.”

 

Maʼlumot uchun


Firdavsiyning XI asrda yaratgan “Shohnoma”si insoniyat tarixida eng yirik epik asarlardan biri sanaladi. U 50 mingdan ortiq baytni oʻz ichiga olib, qadimgi davrlardan to Sosoniylar sulolasigacha boʻlgan tarix, qahramonlik dostonlari va afsonalarni qamrab oladi. Asar asrlar davomida xalqlarning madaniy va maʼnaviy qiyofasini shakllantirishda muhim manba boʻlib kelmoqda.


Markazga qoʻshilgan ushbu noyob sahifa nafaqat tarixiy ahamiyatga ega yodgorlik, balki jahon madaniyatining oʻlmas merosi sifatida ham muhim ahamiyat kasb etadi. U kelgusida olimlar, tadqiqotchilar va tashrifchilar uchun qimmatli manba boʻlib xizmat qiladi.


Eslatib oʻtamiz, joriy yilning 26–27 sentabr kunlari markazda oʻtkazilgan nufuzli forumda dunyoning 20 dan ortiq mamlakatidan kelgan 100 dan ziyod mutaxassis — olim va ekspertlar ishtirok etdi. Unda IRCICA, ICESCO, TURKSOY, Butunjahon Islom Ligasi, Oksford universiteti va Christie’s kabi yetakchi xalqaro tashkilotlar vakillari maʼruzalar bilan qatnashdi.