Oʻzbekistonda sayyohlar uchun ilmiy asoslangan maʼlumotnomalar tayyorlanadi

🔴 Imom Buxoriyning “Al-Adab al-Mufrad” asari zamonaviy nashrda

 

🔴 2000 dan ortiq ziyoratgoh haqiqiy tarixiy maʼlumotlar bilan qayta yoritiladi





Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi oʻz oldiga ulkan vazifani qoʻygan: ajdodlarimizdan meros boʻlib qolgan qoʻlyozma va bosma asarlarni oʻzbek tiliga tarjima qilish va chop etish. Bu jarayon orqali nafaqat olimlar va tadqiqotchilar, balki keng jamoatchilik ham ushbu boy maʼnaviy xazinadan bahramand boʻlish imkoniga ega boʻladi.

 

Markaz direktori Firdavs Abduxoliqov va ilmiy kengash aʼzolari, olimlar, mutaxassislar ishtirokida oʻtkazilgan navbatdagi  Kengaytirilgan Ilmiy kengash yigʻilishida kitob va risolalar nashri borasidagi ishlar yuzasidan hisobot berildi. Markaz boʻlim boshligʻi Shoazim Minovarov taʼkidlashicha, hozirgacha dastlabki 10 ta asar nashrga tayyorlangan. Navbatdagi 10 ta kitob konsepsiyasi  esa taqdimot qilindi.



 

Ana shu asarlar orasida Imom Buxoriyning mashhur “Al-Adab al-Mufrad” (“Odob javohirlari”) kitobi alohida ahamiyatga ega. Unda ota-onani hurmat qilish, vatanni sevish, ilmga intilish kabi abadiy qadriyatlar hadislar orqali jamlangan. 

 

Shuningdek, nashrga tayyorlanayotgan kitoblar orasida XVII–XVIII asrlarda yurtimizda boʻlgan sayyohlarning yozgan sayohatnomalari jamlanmasi ham bor. Ushbu kitob ham nashr etilib, tadqiqotchilar ixtiyoriga topshiriladi.

 

Markaz shuningdek ziyoratgohlar haqida ham ilmiy asoslangan maʼlumotnomalar tayyorlamoqda. Chunki koʻp hollarda sayyohlarga afsona va mish-mishlarga asoslangan maʼlumotlar berilmoqda. Bu holatlarning oldini olish uchun maxsus risolalar chop etilishi rejalashtirilgan va kengash bu taklifni bir ovozdan maʼqulladi.