Mahalliy va xorijlik olimlar, ilmiy izlanish olib boruvchi tadqiqotchilar diqqatiga

Ma’lumki, ajdodlarimiz merosini ommalashtirish, uning bugungi kundagi ahamiyatini yanada chuqur his qilish hamda tadqiqot-izlanishlar natijasida olingan xulosalardan ilmiy jamoatchilikni keng xabardor qilish maqsadida 2021 yildan buyon O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazining “O‘zbekiston – Islom sivilizatsiyasi markazi” jurnali chop etib kelinmoqda.


Mazkur jurnalga 2025 yil uchun ham mahalliy va xorijlik olimlar, mutaxassis hamda ilmiy izlanish olib boruvchi tadqiqotchilarning maqolalari qabul qilinishi rejalashtirilgan. Unga ko‘ra, islom sivilizatsiyasi va sharq renessansi, islomshunoslik, tarix va filologiya, manbashunoslik, san’atshunoslik, muzeyshunoslik, kutubxonashunoslik yo‘nalishlarida o‘zbek, rus, ingliz, turk va arab tillarida maqolalar qabul qilinadi.


Shu munosabat bilan, Fanlar akademiyasi, O‘zbekiston musulmonlari idorasi tizimidagi muassasa, tashkilot va markazlarda, shuningdek, O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi, Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti, Imom Buxoriy, Imom Moturidiy, Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazlarida faoliyat olib borayotgan olimlar jamoasini mazkur jurnalda ilmiy maqolalar bilan ishtirok etishga taklif qilib qolamiz.


Maqolalarning sohaviy yo‘nalishlari: Islom sivilizatsiyasi va Sharq renessansi, islomshunoslik, tarix va filologiya, manbashunoslik, san’atshunoslik, muzeyshunoslik, kutubxonashunoslik, zamonaviy ilm-fan tadqiqotlari.


Jurnal tili: o‘zbek, rus, ingliz, turk va arab tillari.


Maqolalar uchun qo‘yiladigan talablar:
 

  • maqola nazariy-uslubiy jihatdan puxta, ishonchli manbalarga tayanilgan, asosli xulosa va tavsiyalarga boy, nashr xususiyatidan kelib chiqqan holda ilmiy-tahliliy bo‘lishi;
  • matn hajmi 10-15 betgacha lotin yozuvida tayyorlanishi, matn shakli – Microsoft Word dasturida, yozuv shrifti – Times New Roman, harflar hajmi – 14 kegl, satrlar oralig‘i bir intervalda, yuqoridan va pastdan 2 sm, chapdan 3 sm, o‘ngdan 1,5 sm bo‘lishi;
  • mavzu bosh harflar bilan yozilishi, bir intervaldan so‘ng muallifning familiyasi, ism-sharifi, ish joyi, lavozimi, ilmiy unvon va ilmiy darajasi ingliz tilida, elektron pochta manzili, telefon raqami haqidagi ma’lumotlar hamda bir intervaldan so‘ng matn berilishi;
  • maqolada o‘zbek, rus, ingliz tillarida annotatsiya va kalit so‘zlar keltiriladi. Annotatsiya 2-3 jumladan iborat bo‘lib, o‘zida maqola mazmunini ifodalashi lozim. Kalit so‘zlar mavzuni ochib beradigan 10 dan oshmagan so‘z va iboralardan tashkil topadi.


Maqolada kirish (mavzuning dolzarbligi va o‘rganilganlik holati), tahlil (tadqiq etiladigan material, intervyu va h.k. tahlili) va xulosa qismlari bo‘lishi talab qilinadi.


Foydalanilgan adabiyotlar ro‘yxati maqola asosiy matnidan keyin 2 interval oralig‘ida beriladi. Maqola matni ichida havolalar to‘rtburchak qavs ichiga olinadi - [2, 87-b.]. Adabiyotlar ro‘yxati maqolaning oxirida alifbo tartibida beriladi.


Maqolaning elektron nusxasi Microsoft Word shaklida info@cisc.uz elektron pochta manziliga yuboriladi.


Tahririyat maqolalarni tahrir qilish va qisqartirish huquqiga ega. Maqolada berilgan ma’lumotlarning asosli va ishonchli ekaniga javobgarlik mualliflar zimmasida. Belgilangan yo‘nalishlarga mos bo‘lmagan va talablarga javob bermaydigan maqolalar jurnalga kiritilmaydi.


Maqola mualliflariga tahririyat qo‘lyozmalarni qaytarish va yozma javob berish majburiyatini olmaydi. Jurnalda maqola e’lon qilish uchun mablag‘ talab etilmaydi.


Ma’lumot uchun, “O‘zbekiston – Islom sivilizatsiyasi markazi” jurnali OAK Rayosatining 2023 yil 29 avgustdagi 342/5-son qarori bilan ilmiy jurnal sifatida tasdiqlangan.


Murojaat uchun:  (71) 244-00-78

Tel: (90) 933-77-85 Tel: 95 074-76-79

@markazmaqola_bot