“Bu juda katta va ahamiyatli ish” — Gulshat Abikova


 



Gulshat Abikova, Qozogʻiston Respublikasi Milliy kutubxonasi, nodir kitoblar va qoʻlyozmalar boʻlimi rahbari:

 

– Birinchi koʻrganimda juda hayratga tushdim. Barcha boʻlimlarni aylanib koʻrdim. Hamma boʻlimdan unutilmas taassurot oldim. Lekin eng koʻp yoqqani Birinchi Renessans boʻlimi boʻldi. Unda islom dini va ilm-fan uygʻunlashtirilib, oʻsha davr mutafakkirlari faoliyati ajoyib tarzda namoyish etilgan ekan. 

 

Ikkinchi Renessans boʻlimi Amir Temur, Mirzo Ulugʻbek faoliyatiga bagʻishlangani ham juda katta taassurot qoldirdi. Chet mamlakatlarda saqlanib qolgan Oʻzbekistonga oid ashyolarni yigʻib, xalqqa qaytarish ishlari amalga oshirilgani meni hayratda qoldirdi. Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan hatto baʼzi narsalar chet el auksionlaridan sotib olinib, bu markazga olib kelingan ekan. Bu juda katta va ahamiyatli ish deb oʻylayman.

 

Rostini aytsam, men kutubxonani boshqacharoq tasavvur qilgan edim. Juda ham chiroyli boʻlibdi. Bu zamonaviy kutubxonada qadimiy ruh uygʻunlashtirilgan holda maxsus oʻquv zallari hamda shovqinni oʻtkazmaydigan xonalar ham yaratilgan. Hatto telefon orqali gaplashish uchun maxsus boʻlinmalar ham oʻrnatilgan ekan. Bularning barchasidan hayratda qoldim. Tabriklayman. Bu markaz faqat Oʻzbekistonninggina emas, balki butun turkiy dunyo merosini oʻzida jamlaydi.