Aldiplomasy: “Toshkentdagi Islom sivilizatsiyasi markazi…Millat xotirasi va yangi uygʻonish davriga eshik”



 

Tarix sahifalari ochilgan ilk davrlardan boshlab, Oʻzbekiston islomiy qadriyatlarni shakllantirish va ilm-maʼrifatni yoyishda muhim oʻrin tutib kelganligini Aldiplomasy tomonidan eʼtirof etildi. Bu zamin jahon ilm-faniga asrlar osha nomi oʻchmas allomalarni yetkazib berdi: Imom al-Buxoriy, az-Zamaxshariy, al-Xorazmiy, Ibn Sino, al-Beruniy va fiqh, falsafa, tibbiyot, matematika hamda astronomiya sohalarida beqiyos iz qoldirgan yana koʻplab buyuk zotlar.

 

Ushbu ulkan merosni qayta tiklash — oʻtmishga shunchaki nazar tashlash emas, balki Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev rahnamoligida amalga oshirilayotgan strategik milliy loyihadir. U bugungi zamonni ajdodlar shon-shuhrati bilan bogʻlash va Oʻzbekistonning birinchi hamda ikkinchi Uygʻonish davrlarini yuzaga keltirgan ildizlardan yangi Renessansni barpo etishni maqsad qiladi.

 

Tasavvurlardan ulkan haqiqatga

 

Oʻzbekistondagi Islom Sivilizatsiyasi Markazining qurilishi 2017 yilda Toshkentning markazida joylashgan mashhur Hazrati Imom majmuasi hududida boshlandi. 10 gektar maydonda qad rostlagan bu inshoot dunyodagi eng ulkan madaniy markazlardan biri sifatida bunyod etildi. Uning beqiyos meʼmoriy qiyofasi, 65 metr balandlikka koʻtarilgan moviy gumbazi va ulugʻvor shakllari jahonning eng mashhur muzeylari bilan tenglashadi.

 

Biroq Markaz oddiygina muzey emas. U — Islom xotirasining tirik ensiklopediyasidir. Uning zallari islomdan avvalgi sivilizatsiyalarni, birinchi va ikkinchi Renessans davrlarini, oʻzbek xonliklari sulolalarini, XX asr oʻzgarishlarini hamda Yangi Oʻzbekiston — Yangi Uygʻonish davrining tongini hikoya qiladi.

 

Umumbashariy merosni birlashtiruvchi maskan

 

Loyiha nafaqat mahalliy merosni asrab qolishga, balki butun dunyo bilan qoʻl uzatishga qaratilgan. Turkiyaning Sulaymoniya kutubxonasi, Oksford Islom Tadqiqotlari Markazi, Malayziya Islom Sanʼati Muzeyi, Italiyadagi Bolonya universiteti kabi 100 dan ortiq xalqaro institut, muzey va kutubxonalar bilan hamkorlik yoʻlga qoʻyilgan.

 

Mazkur hamkorlik Markazni Oʻzbekiston bilan jahon madaniyat makoni oʻrtasida koʻprikka aylantiradi. Oʻnlab mamlakatlardan olimlar va mutaxassislar uning koʻrgazmalarini tayyorlashda faol ishtirok etmoqda. Shu bois, rasmiy ochilishidan oldinroq ham u xalqaro eʼtirofga sazovor boʻldi. Mashhur ilmiy muassasalar bu yerda alohida ekspozitsiyalar tashkil etishni rejalashtirgan boʻlib, bu oʻz navbatida xalifalik davridagi al-Maʼmun va Amir Temur saroylarini esga soladi — oʻsha davrlarda Markaziy Osiyo eng yorqin tafakkur egalari toʻplangan maskan boʻlgan.

 

Yoʻqolgan xazinalarni tiklash

 

Eng diqqatga sazovor jihatlardan biri — meros oʻgʻirlanishidan merosni tiklash sari yuz tutgan oʻzgarishdir. Oʻnlab yillar davomida qoʻlyozmalar va qadimiy ashyolar Oʻzbekistondan yashirincha olib chiqilgan. Biroq bugun 580 dan ortiq nodir ashyolar qaytarildi — Londonning Sotheby’s va Christie’s kabi mashhur auksionlaridan sotib olindi, shuningdek, yirik kolleksionerlardan ham qoʻlga kiritildi.

 

Ular orasida Amir Temur topshirigʻi bilan yozilgan ulkan Boysungʻur Qurʼoni sahifalari, Moʻgʻullar davriga oid qilich va xanjarlar, Safaviy va Moʻgʻul miniatyuralari, Oltin Oʻrda davrining tilla bezaklari, Rumiy “Masnaviy” asarining qoʻlyozmasi, Hofiz Abru “Majma' at-tavorix” qoʻlyozmasi varaqalari, shuningdek, Sugʻd, Qoraxoniy va Saljuqiy davrlarga oid noyob kulolchilik buyumlari va kumush idishlar mavjud.

 

Yangi Renessans sari

 

Ushbu loyiha ahamiyati nafaqat uning koʻlami yoki xazinalarida, balki ramziy maʼnosida hamdir. Bu, avvalo, Oʻzbekiston islom sivilizatsiyasining buyuk markazlaridan biri sifatidagi tabiiy oʻrnini qayta tiklashini eʼlon qiladi. Markaz — oʻtmish va bugunni bogʻlovchi koʻprik, kelajakka eltuvchi yoʻl boʻlib xizmat qiladi. U bilim, madaniyat va dunyoga ochiqlik orqali Yangi Uygʻonishga chorlaydi.

 

Toshkentdagi Islom Sivilizatsiyasi Markazi oddiygina ulkan bino emas. U — butun millatning xotirasi va uchinchi Renessans sari eshikdir. Bu maskan shuni koʻrsatadiki, milliy oʻzlik faqat tarixda emas, balki ertangi yorqin kelajakni yaratishga undovchi kuch sifatida yashaydi.